O‘zbekistonda 2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayrami “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida barcha hududlarda umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi. Bu haqda 4-mart kuni chiqarilgan [PQ-113-sonli] prezident qaroriga ko‘ra, bayram munosabati bilan respublikada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlari o‘tkaziladi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etiladi. Tadbir uyushtiriladigan asosiy maydonlar, ko‘cha va xiyobonlar milliy uslubda bayramona bezatiladi.

Bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish, kitob ko‘rgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil etish, ko‘klam taomlarini tayyorlash hamda ularning ko‘rgazma-savdolari va tanlovlari uyushtiriladi. Tadbirlar ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.

Tantanalar Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tegishli mahalliy budjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.