1-mart kuni “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-108-son] qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan:

  • sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi;
  • barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi;
  • sug‘urta polislarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi hamda sug‘urtalovchi tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi;
  • Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urtalovchilar tomonidan ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urtalovchilar reytingini yuritadi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.

Quyidagilarga shartnomalarning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini ta’minlash majburiyati yuklatiladi:

  • Coliq qo‘mitasi va Transport vazirligiga ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
  • Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga obyektlarni davlat mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urtaning yuqorida ko‘rsatilgan turlari bo‘yicha shartnomalarning majburiy tuzilishi bo‘yicha tegishli tizimni (modullar, dasturiy mahsulotlar) ishlab chiqish va joriy etish uchun mas’ul etib belgilandi.

Agentlik:

  • 2025-yil 1-yanvardan boshlab sug‘urtalovchilarning hisobotlarini soddalashtirish, avtomatlashtirish va yagona axborot tizimida shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tish choralarini ko‘radi;
  • sug‘urta tavakkalchiligi darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi holatlardan kelib chiqqan holda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tariflarini aktuar hisob-kitoblarga asosan qayta ko‘rib chiqib, uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
  • manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda sug‘urta mukofotlarini hisoblashni avtomatlashtirish, sug‘urtalovchini tanlash huquqi bilan elektron shaklda shartnomani majburiy tuzish imkoniyatini yaratish orqali majburiy sug‘urta shartnomalarini tuzish jarayonlari soddalashtirilishini ta’minlaydi;
  • ikki oy muddatda sug‘urta qildiruvchilarni (jabrlanuvchilarni) majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod etish bo‘yicha qonun loyihasini kiritadi.

Shartnomalarni tuzish, sug‘urta mukofotlarini hisoblashni avtomatlashtirish va sug‘urta hodisalari bo‘yicha arizalarni elektron shaklda yuborish tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish uchun qonunchilik hujjatlari talablariga, shuningdek, Agentlikning texnik shartlari va talablariga muvofiq keladigan tashkilotlarni hamkorlik kelishuvi asosida jalb etishga ruxsat beriladi.

2024-yil 1-sentabrdan boshlab majburiy sug‘urta shartnomalarini tuzish Agentlikning, Manfaatdor vazirlik va idoralarning, shuningdek, boshqa jalb qilingan tashkilotlarning axborot tizimlari orqali ommaviy oferta shaklida amalga oshiriladi.