3-mart kuni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan kirgan 74 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilingani haqida xabar qilingandi. “Dunyo” AA AQShdan qaytgan bir necha fuqarolar bilan suhbatlashdi.

Xususan, tanishining 6 ming dollar maosh haqidagi taklifidan keyin AQShga yo‘l olgan fuqaro quyidagilarni so‘zlab berdi.

америка орзuси, deportatsiya

“Iyul oyida ketgandim, bordik, o‘ylaganimizdek emas ekan. Yo‘l qiyin, Amerikada ham vaziyat og‘ir. Bormaslikni maslahat beraman. Kim agar bormoqchi bo‘lsa bu fikrdan qaytsa yaxshi bo‘ladi. Yetib borishim uchun 1 oy va 15 ming dollarim ketdi. Meksika ham juda xavfli ekan. Yo‘llari qiyin, 4−5 soatlab piyoda yurilar ekan. Oson pul topaman, oson o‘tib ketaman, deb o‘ylagandim. Ota-onani oldida o‘tirganga yetmaydi hech nima. Vatanga yetmaydi. U yerda baribir biz begonamiz. O‘z uying o‘lan to‘shaging”, — dedi kelganlardan biri.

7 oy AQShdagi qamoqxonada saqlangan fuqaro esa AQSh u yerda minglab o‘zbeklar o‘tirganini aytdi.

“Bormoqchi bo‘lganlarga maslahatim: borib o‘tirmanglar, bu reklama. Mingdan ziyod o‘zbeklar qamoqxonada o‘tiribdi. 2 yillab o‘tirganlarini ham ko‘rdik, haligacha o‘tiribdi. Ortiqcha pul berasizlar, sil kasalini orttirasizlar. Ofitserlar aldaydi, „Mana bugun chiqasizlar, ertaga chiqasizlar“, deb. Biz hech kim emasmiz u yerda”, — dedi u.

Deportatsiya qilinganlar orasida ayollar ham bor. U ham boshqalar kabi pushaymonligini aytdi.

америка орзuси, deportatsiya

“Ishlayman deb bordim. Lekin biz o‘ylagandek oson emas ekan. O‘zim deport so‘rab murojaat qildim. 20 kunda qaytarishdi. Hech qachon tavsiya qilmayman. Eng chiroylisi — O‘zbekiston. [U yerda] Juda ko‘p narsani ko‘rdim. Qaytganlarning hammasi shu fikrda. Juda pushaymonman, Chaqirsa bormanglar, Amerika yolg‘on narsa”, — dedi u.

Qaytganlardan yana biri esa uni advokatlar aldab ketganini so‘zlab berdi.

“Kichik, 6 ga 6 [metr] xonada 100 kishini o‘tkazib qo‘ydi. Cho‘zilish uchun joy yo‘q. Tashqarida sovuq, [xona] tepasi ochiq, setka qo‘yilgan, Advokat oldik, unga 2000 dollar to‘ladik. Advokat ham aldab ketdi”, — dedi deportatsiya qilingan fuqaro.

Avvalroq AQSh elchixonasi Amerikaga noqonuniy ravishda borganlarni deportatsiya qilish davom etishini bildirgandi.