AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Energetika vazirligi va boshqa hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonda Yashil vodorod xabini ishga tushirish ustida ishlamoqda.

29-fevral kuni Toshkentda USAID`ning Markaziy Osiyoda energiya mintaqaviy energetika loyihasi doirasida amalga oshirilgan yangi tashabbusi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi AQSh elchixonasi matbuot xizmati.

Uchrashuvda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov va USAID`ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori vazifasini bajaruvchi Edvard Mixalski, shuningdek, energetika sektorining asosiy manfaatdor tomonlari Vodorod xabi konsepsiyasining dastlabki bosqichini, xususan, ustuvor yo‘nalishlar va harakatlar bosqichlarini muhokama qildilar.

Yashil vodorod qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan vodorod energiyasi sifatida tavsiflanadi. Vodorod qayta tiklanadigan energiyani uzoq masofalarga saqlash va potensial tashish uchun yetakchi variant sifatida shakllanmoqda.

Xab mintaqaning kelajakdagi energetika landshaftini shakllantirish va O‘zbekistonning “Qayta tiklanuvchi va vodorod energiyasini rivojlantirish strategiyasi"ga hissa qo‘shish uchun energiya sektori xodimlarining yangi toza energiya texnologiyalari bo‘yicha malakasini oshirishga yordam beradi.

O‘zbekiston 2030-yilgacha qayta tiklanadigan energiya (quyosh, shamol va gidroenergetika) ishlab chiqarishni 25 foizga, 2050-yilgacha esa uglerod neytralligini ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Edvard Mixalski o‘z nutqida toza energiya tashabbuslarining muhimligini ta’kidladi. “USAID Markaziy Osiyo davlatlarini toza energiya va boshqa energetikaning ustuvor yo‘nalishlarni rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Bu shunchaki maqsad emas, balki zarurat hamdir. Bizning ishonchimiz barqaror kelajak toza va samaraliroq energiya manbalariga o‘tishda jamoaviy sa’y-harakatlarga bog‘liq degan ishonchga asoslanadi”, — dedi u.

Avvalroq USAID Delaver universiteti (AQSh) va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida universitetning magistratura bosqichiga kiritilgan yashil vodorod bo‘yicha yangi o‘quv dasturini amalga oshirish maqsadida hamkorlik o‘rnatgandi.

Yashil vodorod xabi konsepsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirishning asosiy jihatlarini, jumladan qayta tiklanadigan energiya salohiyati, suv mavjudligi, toza vodorod ishlab chiqarish usullari va eksport salohiyatini baholaydi. Hududni baholash, omborxona inshoot loyihasi, logistikani rejalashtirish, bozor tahlili, tartibga solishni baholash va atrof-muhitga ta’sir qilish masalalari faoliyat yuritish uchun optimal joylarni aniqlashning boshqa tarkibiy qismlaridan biridir.

Besh yilga mo‘ljallangan qiymati 39 million dollariga teng loyiha energetika sektori samaradorligini oshirish, toza energiya rivojlanishini jadallashtirish, mintaqaviy aloqa va transchegaraviy energiya savdosi orqali energiya xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan.

Ushbu loyiha orqali USAID toza energiyaga 2,2 milliard dollari miqdorida sarmoya kiritgan va shu kungacha Markaziy Osiyo bo‘ylab 2241 megavatt toza energiya quvvatini o‘rnatishga hissa qo‘shgan.