1-mart kuni soat 05:22 da Farg‘ona viloyati Quva tumanida zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabar qildi.

Zilzila magnitudasi 3,5 ga teng. Chuqurlik — 11 km. Epitsentr esa Toshkentdan 257 km janubi-sharqda.

Yer qimirlashi Quva tumanida 3 ball, Uychi, Marhamat, Quvasoy, Toshloq, Asaka, Shahrihon tumanlari va Farg‘ona shahrida 2 ball ko‘rinishida sezildi.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta yanvar oyi oxirida Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlarida 3−4 balli zilzila sezilgandi. Uning epitsentri Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida, Qirg‘iziston bilan chegara bo‘lgan.