Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “O‘zbekiston — mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinishini aytdi.

Shuningdek, viloyatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur qabul qilinadi. Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tushumi 3 yil davomida Xorazmni o‘zida qoldiriladi.

Prezident viloyatning qator tumanlarida mehmonxonalar yetishmasligini qayd etdi. Mehmonxona va dam olish maskanlarini qurish, mavjud o‘rinlarni ko‘paytirish uchun 7 yilga 2 yil imtiyozli davr bilan 18 foiz stavkada kreditlar beriladi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida “Lazgi” va “Avesto” muzeylarini tashkil qilishni taklif qildi.

Xorazmda turizmni rivojlantirish uchun yana bir imkoniyat xorijiy sayyohlar Xorazm taomlarini sevib iste’mol qilishi ekani aytildi.

“Lekin bu taomlarni na mamlakat ichida, na chetda ko‘rsatish uchun harakat, targ‘ibot qilinyapti. Shu munosabat bilan Xiva shahrida 24 soat ishlaydigan restoran, kafe va ovqat rastalarini ishga tushirish muhim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.