1-mart kuni soat 08:57 atrofida Buxoro shahri “Yoshlik” mahallasida joylashgan do‘konning yerto‘lasida gaz portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2 qavatli binoning 1-qavatidagi avtomobil ehtiyot qismlari do‘konining yerto‘lasida gaz-havo aralashmasining “chaqnashi” sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Portlash oqibatida 1-qavatning 2 dona beton plitasi qulab tushgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 1 nafar fuqaro olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida halok bo‘lgan. Yana 1 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan.

Hozirda hodisa sababi va zarari aniqlanmoqda. Voqea joyida yong‘in sodir bo‘lmagan, deyiladi xabarda.

Hodisa joyiga viloyat va shahar FVB rahbariyati hamda yong‘in-qutqaruv ekipajlari, Ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura, “Hududgazta’minot” va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari chiqishgan. Holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.