28-fevral kuni AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda transchegaraviy hayvonlar kasalliklariga qarshi kurashishga qaratilgan 800 ming dollarlik yangi loyihani boshladi.

Loyihaning maqsadi O‘zbekistonda hayvonlar va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan turli tahdidlarning oldini olish, aniqlash va ularga o‘z vaqtida javob berish salohiyatini oshirishdan iborat.

Seminarda “Global salomatlik xavfsizligi — O‘zbekistonda hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish, „yagona salomatlik“ va antimikrob rezistentlik borasida salohiyatni oshirish va zoonoz tahdidlarni yumshatish” loyihasining maqsadlari taqdim etilib, yillik ish rejasi tasdiqlandi va ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi asosiy tadbirlar va ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

usaid, sog‘liqни сақлаш, фао, Veterinariya qo‘mitasi

“Chorvachilik qishloq aholisi salmoqli qismining daromad manbai bo‘lib, O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Inson salomatligi, uy va yovvoyi hayvonlar, o‘simliklar va ekotizimlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. FAO ushbu tashabbusni inson, hayvon, o‘simlik va atrof-muhit salomatligini ta’minlash uchun qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish doirasida qo‘llab-quvvatlaydi”, — deya ta’kidladi FAO`ning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.

COVID-19 pandemiyasi hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasalliklar nisbatan qisqa vaqt ichida biror mamlakat yoki mintaqaga yetib borishi va keng tarqalishi mumkinligini ko‘rsatdi. Milliy, mintaqaviy va global darajada ko‘p tarmoqli “Yagona salomatlik” yondashuvining joriy etilishi kasalliklarning samarali oldini olish va nazorat qilishga yordam beradi, chunki yangi yuqumli kasalliklarning aksariyati hayvonlardan kelib chiqadi.

FAO ma’lumotlariga ko‘ra, insonning barcha yuqumli kasalliklari 60% zoonotik kelib chiqish va taxminan 75% patogenning interspesifik uzatilishi bilan bog‘liq.

JSSTning ta’kidlashicha, hozirda transchegaraviy hayvonlar kasalliklarining 200 dan ortiq turlari ma’lum. Zoonotik patogenlar bakteriyalar, viruslar yoki parazitlar, shuningdek, odamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yoki oziq-ovqat, suv yoki atrof-muhit orqali yuqadigan noan’anaviy patogenlar bo‘lishi mumkin.

“Yagona salomatlik” yondashuvini amalga oshirish yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozlarga tayyorgarlikni oshirish xamda odamlar, hayvonlar va atrof-muhitning o‘zaro ta’siridan kelib chiqadigan sog‘liq uchun xavflarni kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga imkon beradi, bu esa, o‘z navbatida, aholi salomatligini mustahkamlashga va oziq-ovqat tizimlarining barqarorligi ta’minlashga yordam beradi.