Buxoro davlat tibbiyot institutining hindistonlik talabasi o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda oliygoh matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2003-yilda tug‘ilgan, institutning ikkinchi kursida o‘qigan N.N. 28-fevral kuni talabalar turar joyidagi xonasida o‘zini yomon his qilgan va tez yordam chaqirtirilgan. So‘ng uni Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borishgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, yigit, dastlabki tashxisga ko‘ra, ikki tomonlama o‘pkalarning total pnevmoniyasi oqibatida yuzaga kelgan o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

O‘z vaqtida ma’muriyat tomonidan Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi hamda talabaning yaqinlari xabardor qilindi, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Buxoro shahri prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.