O‘zbekistonda 2023-yil 12 oyida sodir etilgan 363 ta qotillikning 141 tasi yoki 38,8 foizi oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqan. Bu haqda Senatdagi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Bunga sabab sifatida oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolgani ko‘rsatilgan.

Xususan, 2024-yil 17-yanvar kuni Samarqand viloyatida yashovchi, 2014-yildan buyon ruhiy kasalliklar kasalxonasida ro‘yxatda turuvchi, ruhiy kasal, 49 yoshli fuqaro uyida o‘zaro janjal oqibatida birga yashagan 2019-yildan buyon ruhiy kasalliklar kasalxonasida ro‘yxatda turuvchi 26 yoshli o‘g‘lini boshiga bolta bilan urib o‘ldirgan.

Shuningdek, “yoshlarning muammolarini bartaraf etishga lozim darajada e’tibor qaratilmagani oqibatida” 2023-yilda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar 2022-yilga nisbatan 5,3 foizga ortgan (3599).

Bundan tashqari, 12 mingga yaqin ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilgani, joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatdi, deyildi majlisda.

Avvalroq O‘zbekistonda besh yil davomida bu ko‘rsatkich qariyb 4,4 barobarga oshdi. Yil davomida tovlamachilik 70, bezorilik 60, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 40, nomusga tegish va odam o‘ldirishga urinish esa 20 foizga ko‘paygani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019−2023-yillarda ro‘yxatga olingan jinoyatlar soni 2,3 barobarga — 46 mingdan 104 mingtaga oshgan.