Toshkent va Hindistonning Mumbay shahri o‘rtasida havo qatnovlari aprel oyida yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi va mezbon mamlakatning Arya Enterprises va Aero World Travels kompaniyalari hamkorligida tadbir tashkil etildi.

Marosimda Maharashtra shtati, jumladan, uning ma’muriy markazi — Mumbay shahrida faoliyat yuritadigan 100 ga yaqin yetakchi turistik tashkilot va agentliklar rahbarlari va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotda Uzbekistan Airways aviakompaniyasining xorijiy davlatlar, jumladan, Hindistonga parvoz geografiyasi kengayib borayotgani, aprel oyida Mumbayga aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilgach, hind shaharlariga parvozlar soni haftasiga sakkiz martaga yetishi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga sayohat qilganlar soni 2022-yilga nisbatan qariyb to‘rt baravarga ko‘paygan.