Humo Air loukosteri Qozog‘iston, BAA, Turkiya, Xitoy, Qatar va Ozarbayjon kabi davlatlarga xalqaro reyslarni amalga oshirishga tezkorlik bilan tayyorlash maqsadida 10-martdan boshlab Humo Air O‘zbekiston ichidagi ichki reyslarni vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda aviakompaniyasi xabar qildi.

“Ikki oylik reyslar davomida loukoster O‘zbekiston bo‘ylab 100 mingdan ortiq yo‘lovchini tashidi va bu uning xorijiy yo‘nalishlarni ochishga to‘liq tayyorligini tasdiqlaydi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, barcha sotilgan chiptalar bizning tizim orqali avtomatik ravishda bekor qilinadi. “Xavotir olmang! Barcha mablag‘lar qaytariladi”, — deyilgan aviakompaniya xabarida.

1-martdan 10-martgacha Humo Air aviakompaniyasining parvozlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilgan, 10-martdan keyingi parvozlar vaqtincha to‘xtatildi. Tez orada to‘lovni qaytarish usullari va yangi bosqich sanasini e’lon qilinishi ma’lum qilingan.

“2024-yil aprel oyida biz xalqaro yo‘nalishlarni ochamiz, aviachiptalar narxini minimal darajada ushlab turamiz va odamlarning tez-tez uchishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — deya ta’kidlaydi loukoster.

Eslatib o‘tamiz, Humo Air 15-dekabrdan boshlab Airbus A320 samolyotida Toshkentdan Nukus, Samarqand, Qarshi va Urganch shaharlariga kunlik parvozlarni yo‘lga qo‘ygandi.