Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakatda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10−12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetadi. Lekin shunday ulkan imkoniyat ancha yillar davomida ishga solinmagan.

Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib kelgan, yana 13 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilyapti. Deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilmoqda, deyiladi xabarda.

Xususan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushgan. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 183 megavattli 6 ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirilgan.

Ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 megavattli quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu ishlarga banklar tomonidan qariyb 2 trln so‘m resurs ajratilgan.

Buning natijasida qo‘shimcha 5 mlrd kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 mlrd kub metr gaz tejash imkoniyati yaratilgan, deyiladi yig‘ilishda. 2024-yilda “yashil energiya” hajmini 13 mlrd kilovatt-soatga, uning O‘zbekistondagi jami ulushini esa 15 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

“2024-yil uchun dastlabki rejalar bilan tanishib chiqdim. Na [energetika vaziri Jo‘rabek] Mirzamahmudov, na viloyat hokimlari olayotgan marralar menga mutlaqo ma’qul emas. Ular o‘tgan yildan saboq chiqarib, 2024-yil bu yo‘nalishda kamida ikki karra ko‘p ishlashi va aniq natijalar ko‘rsatishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev sohadagi tajribaga tayanib, bu yildan yirik “yashil energiya” quvvatlarini yaratish bo‘yicha uch yillik dasturga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

муқобил energiya, шавкат мирзиёев, shamol elektr stansiyasi, qayta tiklanuvchi energiya, quyosh elektr stansiyalari

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiya quriladi. Jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18 ta elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun ushbu quvvatlarga mos tarmoqlarni qurishni hamda zarur materiallar ishlab chiqarishni hozirdan boshlash kerak.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov uch yillik dasturdan o‘rin olgan 2,6 gigavattli 14 ta stansiya bu yil ishga tushirilishi, ularni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya quvvati kengaytirilib, 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari qurilishi haqida axborot berdi.

Prezident Energetika vazirligi rahbariga investorlar bilan gaplashib, ushbu 14 ta stansiya qurilishini 2−3 oyga tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Xususan, joriy yilda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida quvvati 2 GVt bo‘lgan 11 ta quyosh stansiyasi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 MVt bo‘lgan 3 ta shamol stansiyasi ishga tushirilishi kutilmoqda.

Umuman, yangi quvvatlar hisobiga bu yil kamida 85 mlrd kilovatt-soat, shundan quyosh va shamol stansiyalarida 6 mlrd kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi aytildi.

Shuningdek, Mirzamahmudovga 2024-yilda Andijon va Farg‘ona viloyatlarida har biri 150 MVt quvvatga ega 2 ta energiya saqlash quvvatlarini ishga tushirishni ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Prezident “O‘zbekgidroyenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovga Toshkent viloyatida umumiy quvvati 800 MVt bo‘lgan ikkita yirik gidroto‘plash stansiyasi bo‘yicha loyihalarni boshlash (ulardan biri Fransiyaning EDF kompaniyasi tomonidan qurish rejalashtirilgan) bo‘yicha topshiriq berdi.