Dunyodagi eng past tug‘ilish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan Janubiy Koreyada tug‘ilish darajasi 2023-yilda yangi rekord darajagacha tushib ketdi, deb yozdi The Guardian. Mamlakat aholisi ketma-ket to‘rtinchi yil kamaymoqda.

Janubiy Koreya Statistika boshqarmasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti — bir ayol o‘z umri davomida dunyoga keltiradigan bolalarning o‘rtacha soni 2023-yilda 0,72 ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2022-yilda bu koeffitsiyent 0,78 ni, 2021-yilda 0,81 ni, 2020-yilda esa 0,84 ni tashkil etgandi. Bu mamlakatning hozirgi 51 million aholisini saqlab qolish uchun kerak bo‘lgan o‘rtacha 2,1 bola ko‘rsatkichidan ancha past.

2018-yil holatiga ko‘ra, Janubiy Koreya Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (IHTT) a’zolari orasida tug‘ilish koeffitsiyenti 1 dan past bo‘lgan yagona mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘rtacha koreyalik ayolda birinchi farzand tug‘ilgandagi o‘rtacha yosh 33,6 yoshni tashkil etadi. Bu IHTT a’zolari orasida eng yuqori natija.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar tug‘ilishning shu kabi past darajasi davom etaversa, 2100-yilga borib Osiyoning beshinchi yirik iqtisodiyoti hisoblangan Janubiy Koreya aholisi qariyb yarmiga qisqarib, 26,8 million kishigacha tushib qoladi.

2006-yildan beri mamlakat hukumati tug‘ilish darajasining pastligi muammosini hal qilish uchun 270 milliard dollarga yaqin mablag‘ ajratdi, biroq bu choralar o‘z natijasini bermadi. Rag‘batlantirishlar orasida er-xotinlar uchun moliyaviy subsidiyalar, bolalarni parvarish qilish xizmatlari va bepushtlikni davolashni qo‘llab-quvvatlash kiradi.

Juftliklar ko‘p bolali oila qurish yo‘lidagi to‘siqlar sifatida bolalarni tarbiyalash xarajatlari va ko‘chmas mulk narxining oshishi, yaxshi maoshli ish o‘rinlarining yo‘qligi va ta’lim tizimidagi keskin raqobatni tilga oladi, deb yozdi The Guardian.

Mutaxassislar, shuningdek, madaniy omillar rolini, jumladan, kasbiy va onalik vazifalarini muvozanatda ushlashda ayollar duch keladigan qiyinchiliklarni, shuningdek, ular birinchi navbatda uy ishlari va bolalarga g‘amxo‘rlik qilishga mas’ul ekani haqidagi kutilmalarni ta’kidlaydi.