Fransiyaning Beze shahri tengsizlikni kamaytirish va o‘quvchilarning xulq-atvoriga ta’sirini aniqlash maqsadida hukumat tajribasi doirasida maktab formasidan foydalanishni qayta joriy etdi, deb yozmoqda The Guardian. Bu 1968-yilda Fransiyada majburiy maktab formasi bekor qilinganidan beri birinchi bunday tajriba hisoblanadi.

Tajribada shahardagi to‘rtta maktabda 700 nafar o‘quvchi qatnashmoqda. Har bir o‘quvchiga 200 yevrolik forma taqdim etildi, bu pul shahar va mahalliy ta’lim idoralari budjetidan qoplandi.

Agar tajriba muvaffaqiyatli deb topilsa, u holda 2026-yilga kelib barcha fransuz maktablarida yagona maktab formasi joriy etilishi mumkin. Bu tartibni joriy etish Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “oilalar o‘rtasidagi tengsizlikni yo‘q qiladi va, shu bilan birga, hurmat uchun sharoit yaratadi”.

Bugungi kunga qadar mamlakatning turli shaharlaridagi 92 ta maktab tajribada ishtirok etishga rozilik bildirgan. Ota-onalar va o‘quvchilarning forma kiyishdan bosh tortgani haqidagi shikoyatlaridan so‘ng bir qancha maktablar o‘z roziligini qaytarib oldi.

Tajribani tanqid qilayotganlar, jumladan, ko‘plab ota-onalar hukumat pulni xalq ta’limining boshqa sohalariga sarflagani ma’qulroq, deb hisoblaydi. Ularning fikriga ko‘ra, tengsizlik shunda ham poyabzal, sumka va mobil telefonlar kabi narsalarda aks etaverishi mumkin.