Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 27-fevral kuni Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan ta’lim kengashining yig‘ilishida viloyatdagi ta’lim muassasalarini “Telefonsiz maktab” tashabbusi bilan chiqishga taklif qildi.

Hokimiyat rahbari viloyat xalq ta’limi kengashining Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida maktabda telefondan foydalanishni tanqid qilib, ota-onalar bilan kelishilgan holda o‘quvchi va o‘qituvchilarga maktab hududida telefondan foydalanishni taqiqlash zarurligini ta’kidladi.

“Kecha — kimga yoqadi, kimga yoqmaydi — internetda o‘qigan bo‘lsangiz, [maktab hududida] telefondan foydalanishni Markaziy Osiyodagi hamma respublikalar taqiqladi. Kecha shu narsa Qozog‘istonda tasdiqlandiki, [bu tartib] o‘qituvchilarga ham ta’sir qiladi. Maktab hududiga [telefon] olib kirish taqiqlandi… Hozir sizlar davlat qonun chiqarib bersin, deb kutyapsizlar”, — dedi viloyat hokimligi rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarda telefondan foydalanishni cheklash tashabbusi bilan bironta ham maktab rahbari chiqmagan.

“Siz rahbar bo‘la turib, men maktabimda ota-onalar bilan kelishib, majlisda muhokama qildik, tajriba sifatida [maktabga] telefonni kiritmadik, natijada 11 oy ichida kitob o‘qiydigan [bolalar] soni shunchaga ko‘paydi, jinoyat shunchaga ko‘paydi, dars o‘zlashtirilishi shunchaga ko‘paydi, deb aytmadi-ku hech kim. Hamma direktorlar ham jamoasini boshqara olmayapti. Lekin nega yaxshi ishlayotgan direktorlar bunday tashabbus bilan chiqmayapti?” — dedi u. Hokimning ta’kidlashicha, o‘qituvchilarning maktabda telefondan foydalanishi taqiqlansa, ularning asablari joyiga keladi, psixologlarga ham talab pasayib ketadi.

Zoyir Mirzayevning aytishicha, ota-onalar bilan kelishilgan holda “Telefonsiz maktab” tashabbusi bilan chiqqan maktabga rag‘batlantirish tariqasida 300 million so‘m ajratiladi.

2023-yilda Toshkent viloyatida 139 nafar maktab o‘quvchilari tomonidan 122 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, shundan 44 nafari 9-sinf o‘quvchilari, 34 nafari 10-sinf o‘quvchilari, yana 29−30 foizi 11-sinf o‘quvchilaridir.

U Angren (2 tadan 11 taga), Bekobod (3 tadan 9 taga), Bo‘ka (4 tadan 8 taga), Oqqo‘rg‘on (1 tadan 4 taga), Chinoz (2 tadan 6 taga) tumanlarida maktab o‘quvchilari o‘rtasida jinoyatchilik oshganini ma’lum qildi.

“Bundan xulosa qilishimiz kerak. „Mening maktabimda jinoyat bo‘lmaydi“ deb hech kim kafolat bera olmaydi. Qo‘lda telefon degan balo bor ekan, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Telefon o‘quvchilarni buzyapti deb, takliflar berasizlar. O‘zimizni ham buzmayaptimi mabodo? Ular o‘zimizni ham buzyapti”, — dedi u.

Shuningdek, u boshlang‘ich sinflarda o‘qiyotgan o‘quvchilarning ota-onalari majlisiga ota-onalar emas, ularning o‘rta sinflarda o‘qiyotgan farzandlari kelayotganini aytdi.