Yanvar oyi o‘rtalarida Yangioboddagi Chaykovskiy nomidagi musiqa va san’at maktabini buzish rejalashtirilayotgani haqida xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. 60 yillik tarixga ega binoning eshik va mebellari olib chiqib ketilayotgani, qurilish ishlariga hozirlik ko‘rilayotganiga guvoh bo‘lgan mahalliy aholi oyoqqa turdi. Jarayonga e’tibor qaratish to‘g‘risidagi aholi so‘roviga faollar javob qaytardi.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Kirill Fris-Rayevskiy.

Musiqa maktabi atrofida yuzaga kelgan vaziyat haqida birinchilardan bo‘lib bloger Islom Karimboyev (Islam Kaparzo) yozdi. Ko‘p o‘tmay uning postiga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Biroq, vazirlik munosabati, dastlab Angren shahar Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli bo‘lgan bino ko‘p yillardan buyon bo‘sh turgani va shu sababdan 2015-yil fevral oyida hokimlik balansiga o‘tkazilgani haqidagi axborotdan iborat edi, xolos.

“Vazirlik mazkur bino Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risida ma’lumotga ega emas”, — deyiladi xabarda.

So‘nggi 10 yil ichida maktab binosi uni mehmonxonaga aylantirishni rejalashtirgan xususiy shaxslar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Yangiobodliklar bu bino o‘ziga xos va me’moriy yodgorlik maqomiga munosib deb ishonadi. “Gazeta.uz” musiqa maktabining taqdiri qanday kechgani va nima uchun uni saqlab qolish bu qadar muhimligini o‘rgandi.

Namunaviy maktabdan tashlandiq joyga

1955−1956-yillarda Chaykovskiy nomidagi musiqa maktabi Yangiobod madaniyat saroyi binosi ichida faoliyat olib borgan. 1960-yilda ta’lim muassasasi yangi qurilgan qo‘shni binoga ko‘chib o‘tadi. Bu ishlar maktabning asoschisi va uning birinchi direktori, qurilishga ruxsat olish uchun shaxsan Moskvaga murojaat bilan chiqqan Boris Valbergning tashabbusi bilan yuz bergan. Aholining hikoya qilishicha, Yangiobod maktabi binosini loyihalashda me’morlar Moskva konservatoriyasidan ilhomlangan.

1962-yilda ta’lim muassasasi oldida noma’lum haykaltarosh tomonidan betondan yasalgan Chaykovskiy byusti o‘rnatildi. Aytishlaricha, bu 55 yil davomida bastakorning Markaziy Osiyodagi yagona haykali bo‘lgan (2017-yilda Olmaota musiqa kolleji hovlisiga Chaykovskiyning haykaltarosh Erkin Ma’qulboyev tomonidan ishlangan granit yodgorligi o‘rnatilgan edi — tahr.).

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Kirill Fris-Rayevskiy.

Boris Viktorovich musiqa maktabiga 1964-yilgacha rahbarlik qiladi. Uning rafiqasi Rena Valberg fortepianodan dars bergan. Bu juftlik umrining eng yaxshi yillarini maktabni rivojlantirishga bag‘ishlagan edi. Har yili ta’lim muassasasini 35−40 nafar o‘quvchi tamomlagan.

“Gullab-yashnagan davrida maktabda qulaylik va ijod muhiti hukmron edi. Uning mashg‘ulotlariga faqat mahalliy aholi emas, qo‘shni shahar va qishloqlardan ham bolalar qatnagan. O‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun maxsus avtobus tashkil etilgan. Ta’lim muassasasi 90 kishiga mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilar soni ba’zan bundan oshib ketardi”, — deb eslaydi maktabning sobiq o‘qituvchisi va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Vladimir Efa.

Vladimir Yakovlevichning o‘zi Yangiobod musiqa maktabi bitiruvchisi. 1965-yildan 1970-yilgacha akkordeon sinfida tahsil olgan. Oradan sakkiz yil o‘tgach, u maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirgan va akkordeonchi bolalar orkestriga rahbarlik qilgan. 1986−1994-yillarda o‘quv bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat olib borgan.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Vladimir Efa. Shaxsiy arxivdan olingan surat.

Efaning hikoya qilishicha, maktab qurilishi va uni saqlash qisman Yangiobod konchilik boshqarmasi tomonidan moliyalashtirilgan. Maktab o‘sha davrning barcha talablariga javob bergan. Musiqa adabiyoti va solfedjio bo‘yicha guruh mashg‘ulotlari qo‘sh eshikli, devorlari ovoz o‘tkazmaydigan ixtisoslashtirilgan sinf xonalarida o‘tkazilgan. Ovoz yozish xonasida barcha zarur texnikalar, jumladan, pleyer va retranslyator mavjud edi. Maktab binosi ichida kutubxona, fotolaboratoriya, fonoteka va filmoteka faoliyat yuritgan.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Vladimir Efaning shaxsiy arxividan olingan surat.

Ta’lim muassasasi musiqa asboblari yetishmasligi muammosiga duch kelmagan. Ikkinchi qavatda joylashgan konsert zalining sahnasini yangiobodlik ko‘ngillilar mablag‘lari hisobidan sotib olingan ikkita royal bezab turardi. Bu yerda tez-tez o‘quvchilarning hisobot konsertlari va shahar bayramlari o‘tkazilgan.

80-yillarning ikkinchi yarmida maktabda kosmetik ta’mirlash ishlari qilingan, konsert zali tartibga keltirilgan, bug‘li isitish tizimi o‘rnatilgan. O‘sha paytda bino kapital ta’mirga muhtoj emasdi. Bolalar bu yerga kelishda va musiqa o‘rganishda davom etgan.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Vladimir Efaning shaxsiy arxividan olingan surat.

Musiqa maktabidagi muammolar 1990-yillarda boshlangan. Yangioboddan odamlarning ommaviy ko‘chib ketishlari sabab o‘quvchilar soni keskin kamaygan. Yaqin atrofdagi aholi punktlaridan bolalarni maktabga tashib turadigan sershovqin maktab avtobusi ham Yangiobodga qatnamay qo‘ygan. 1995-yildan bolalar musiqa mashg‘ulotlari uchun musiqa maktabining Dukentda ochilgan filialiga qatnay boshlagan. Yangiobod musiqa maktabining cholg‘u asboblari va jihozlari ham o‘sha yerga tashib ketilgan.

“1985-yilgacha maktab Angren shahar Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli edi. Shundan so‘ng u va Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi boshqa bolalar musiqa va san’at maktablari kabi Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu menga xush kelmagan edi. Mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, o‘sha paytdan boshlab viloyat va respublikadagi bolalar musiqa maktablari amalda ta’lim muassasasi maqomini yo‘qotdi. Ilgari ular, o‘z maqsadiga mos tarzda, umumta’lim maktablari bilan o‘zaro aloqada ishlagan bo‘lsa, Madaniyat vazirligiga o‘tkazilgandan so‘ng ular ko‘proq Madaniyat uylari vazifasini bajara boshladi”, — deydi Vladimir Efa.

Rahbariyat va o‘qituvchilar jamoasi asta-sekin puturdan ketayotgan maktab hayotini saqlab qolish uchun oxirigacha kurashdi. 2000-yillarning boshlarida ta’lim muassasasi tarqatib yuborildi. Bunga shunchaki ehtiyoj ham qolmagan edi: shaharda yoshlar yo‘q hisobi, maktabni saqlash va uni tiklash uchun mablag‘ to‘plashga odam yo‘q edi.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Kirill Fris-Rayevskiy.

Angren shahar hokimining 2015-yil 23-fevraldagi buyrug‘i bilan Madaniyat boshqarmasi tomonidan musiqa maktabining eskirgan binosi shahar hokimiyati balansiga o‘tkaziladi.

“Hokimlik balansiga qabul qilingunga qadar bino ko‘p yillar davomida foydalanilmagan, qarovsiz qolib, yaroqsiz holga kelgan. Asosiysi, unda madaniy qiymatga ega biror bir obyekt qolmagan. Turistlarda qiziqish uyg‘otadigan yagona narsa — fasad ganchlar va Chaykovskiy byusti”, — deydi Angren shahar hokimligi matbuot kotibi Gulshoda Nasibaliyeva.

Sobiq musiqa maktabini saqlash va ta’mirlash uchun mablag‘ yo‘qligi, undan yangicha maqsadda foydalanish istagi mahalliy hokimiyatni binoni sotish to‘g‘risida qaror qabul qilishga undagan. Toshkent viloyati hokimi tomonidan tegishli qaror 2019-yil 22-aprelda imzolangan.

Shryodinger mehmonxonasi

Angren hokimligi balansiga o‘tkazilgandan so‘ng, musiqa maktabi binosiga birinchi bo‘lib 2015-yilda Yangiobod mahalla qo‘mitasi ko‘chib o‘tadi. Qo‘mita birinchi qavatni egallagan. Musiqa maktabiga yana odamlar, qariyalar to‘plana boshladi — pensiya olish uchun.

“Gazeta.uz” bilan suhbatda bo‘lganlarning hech biri binoda qurilish ishlari qachon boshlanganini aniq eslay olmaydi. Faol Yelena Alekseyevaning so‘zlariga ko‘ra, shaharliklar bunga unchalik ahamiyat bermagan. Ular bu odatdagi kosmetik ta’mirlash ekanligiga amin edilar.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Angren hokimligi matbuot xizmati.

Tashriflaridan birida pensionerlar shiftdan suv tomchilayotganini payqagan. Buning sababi binoning ikkinchi qavatidagi, avvallari mavjud bo‘lmagan, qurilishi tugallanmagan dush kabinalari bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, maktab uni mehmonxonaga aylantirishni rejalashtirayotgan Murod ismli ijarachiga o‘tkazilgan. Bu masala yuzasidan aholi Angren hokimligiga shikoyat bilan murojaat qilgan.

“Bino 2019-yilda kimoshdi savdosiga qo‘yilishidan oldin, u O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan bir necha yilga ijaraga olingan. Shartnoma muddati tugaganidan keyin federatsiya binoni noqonuniy ishlatishda davom etgan. Maktabni mehmonxonaga aylantirishga bir necha bor urinishgan. Ikkinchi qavatdagi dushlar ruxsatsiz qurilgan. O‘tgan yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi tekshiruvimizda binoda krovatlar, shkaflar, boshqa mebellar va sobiq ijarachining shaxsiy buyumlarini topdik. Hech kim noqonuniy xatti-harakatlarga shubxa qilmagan, chunki bu vaqt davomida u yerda mahalla qo‘mitasi faol ishlab kelgan”, — deya izoh beradi Gulshoda Nasibaliyeva.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Angren hokimligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari Yangiobod shahridagi bir nechta mehmonxonalarga egalik qilgan Murodilla ismli tadbirkor musiqa maktabi binosini bokschilar uchun mehmonxona qurish bahonasi bilan hokimlikdan ijaraga olgan. U o‘zini, federatsiyaga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham, Boks federatsiyasi xodimi deb tanishtirgan.

“Yangiobod shahrida jangovar yakkakurash bo‘yicha faqat ikkita sport zali mavjud. Hududlardan sportchilar tashrifi chog‘ida o‘zaro shartnoma qilingan uchta mehmonxona bizni turar joy va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Bokschilarning mashg‘ulot o‘tkazishi va yashashi uchun shaharda boshqa obyekt mavjud emas. Musiqa maktabi binosiga federatsiyaning hech qanday aloqasi yo‘q va hech qachon u yerda bo‘lmagan”, — deydi Tillaboyev.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Vladimir Efaning shaxsiy arxividan olingan surat.

Faollarning so‘zlariga ko‘ra, binodan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq vaziyat oshkor bo‘lgach, obyektda qurilish ishlari to‘xtagan. Mahalla qo‘mitasi a’zolari tomonidan qonunbuzarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan va masala bosti-bosti bo‘lib ketgan. Quruvchining o‘zi barcha mehmonxonalarini sotib, shahardan qochib ketgan.

Shundan beri yildan-yilga ahvoli tobora yomonlashayotgan musiqa maktabining egalari bir nechta marta o‘zgargan. Ulardan biri “GELIKON VEST” MCHJ 2019-yilda obyektga investitsiya kiritish va beshta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan onlayn-auksion orqali binoni sotib olgan. Musiqa maktabini kapital ta’mirlash va mehmonxonaga aylantirish rejasi shartnoma shartlari buzilganligi va ijara haqi to‘lanmaganligi sababli amalga oshmadi. Shu tariqa bino yana Angren hokimligi balansiga qaytarildi.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Kirill Fris-Rayevskiy.

Binoning hozirgi egasi “Yangiobod musiqa maktabi”ni 2023-yil boshida onlayn-auksionda sotib olgan. “Gazeta.uz” bilan suhbatda bo‘lganlarning so‘zlariga ko‘ra, ular binoning sotuvga qo‘yilganligidan bexabar bo‘lgan. Hammasi 2024-yil 15-yanvar kuni maktab binosiga qo‘shni turar-joylarda istiqomat qiluvchilar ishchilarning eshiklar, mebellarni binodan olib chiqib tashlab, qurilish materiallarini tushirayotganini ko‘rganlarida oydinlashgan.

Na mahalliy aholi vakillari, na “Gazeta.uz” muxbiri quruvchi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Angren hokimligi tadbirkorning ma’lumotlarini oshkor eta olmasligini, “bunday vakolat yo‘q”ligini ta’kidladi. Shahar hokimligi binoning mehmonxona ochishni rejalashtirayotgan yangi egasi bilan undan foydalanish shartlarini muhokama qilmagan, deya qayd etdi hokimlik matbuot kotibi Gulshoda Nasibaliyeva.

“Bu xususiy mulk bo‘lganligi sababli, hokimlik [tadbirkorning] ishga aralashishga va binoni qanday tasarruf etish bo‘yicha ko‘rsatma berishga haqli emas — egasi undan o‘zi xohlaganidek foydalanishga haqli. O‘z navbatida, biz binoni buzmaslik, balki uning tarixiy qiyofasini saqlab qolgan holda ichki qismini kapital ta’mirlash va fasadini rekonstruksiya qilishni taklif qildik. Bizning tavsiyalarimiz, shuningdek, maktab atrofi va yodgorlikni obodonlashtirishni ham o‘z ichiga olgan. U yerda shahar aholisi va mehmonlari xordiq chiqarishi uchun o‘rindiqlar o‘rnatib, ko‘kalamzorlashtirish mumkin”, — deya tushuntiradi Gulshoda Nasibaliyeva.

Keyin nima bo‘ldi?

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab taqdiridan xavotir natijasida yuzaga kelgan jamoatchilik e’tirozining ertasi kuni Toshkent viloyati prokuraturasi va Madaniy meros agentligi vakillari Yangiobodga tashrif buyurdi.

Agentlik saytida 2024-yil 18-yanvarda e’lon qilingan xabardan ma’lum bo‘lishicha, 2022-yilda ilmiy ekspertlar kengashi Chaykovskiy nomidagi musiqa maktabi binosini Moddiy madaniy meros obyektlari milliy reyestriga kiritishni taklif qilgan, biroq bu amalga oshmagan. Xuddi shu xabarda ko‘rsatilishicha, “hozirda binoni o‘rganish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda”. Hozirda bu ish nihoyasiga yetgan yoki yo‘qligi, mutaxassislar qanday xulosaga kelgani noma’lum. “Gazeta.uz” Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi bilan bog‘lana olmagani bois tahririyat tegishli savollar bilan agentlik matbuot xizmatiga murojaat qildi.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Kirill Fris-Rayevskiy.

Yangiobodliklar Madaniy meros agentligi musiqa maktabi binosini Moddiy madaniy meros davlat reyestriga kiritish taklifiga yana qaytib, ijobiy ko‘rib chiqishiga umid qilmoqda. Odamlar uni saqlab qolish kerakligi masalasida yakdil. Buni qanday qilish haqida qarashlar turlicha.

“Oxirgi o‘n yil davomida maktab qo‘ldan-qo‘lga o‘tib keldi, boshqa maqsadlarda foydalanildi. Achinarlisi shundaki, bu kichik san’at dargohi ulkan omborxonaga aylangan va endi hech qachon bolalarga bilim bera olmaydi, chunki shaharning avvalgi mavqei qaytmaydi, aholi soni ham ko‘paymaydi. Quruvchilar va xodimlarga hurmat va minnatdorchilik ramzi o‘laroq binoni me’moriy yodgorlik sifatida saqlab qolish mumkin, biroq shahar hokimiyati uchun bu manfaatli emas. Shu bois, maktabni mehmonxonaga aylantirish, ehtimol, bu bino devorlari hayotini saqlab qolib, shaharga foyda keltirishning yagona yo‘lidir”, — deydi maktabning sobiq direktor o‘rinbosari Vladimir Efa.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Kirill Fris-Rayevskiy.

2021-yilda Chaykovskiy yodgorligini restavratsiya qilish bo‘yicha jamoatchilik tashabbusida ishtirok etgan arxitektor Vladimir Artemev binoga ta’lim muassasasi maqomini qaytarish va iqtidorli bolalar markaziga aylantirish kerak, deb hisoblaydi. Arxitektorning so‘zlariga ko‘ra, Yangiobodda boks federatsiyasi rahbarligida sport klublari faoliyat ko‘rsatmoqda. Yozda shaharga jismoniy faollikni ijodiy faoliyat bilan uyg‘unlashtirishi — musiqa va san’atni o‘rganishi mumkin bo‘lgan ko‘plab yosh sportchilar tashrif buyuradi. Bino orqasidagi bo‘sh yerda yotoqxona va oshxona qurish uchun joy bor.

“Chaykovskiy nomidagi musiqa maktabi 50-yillardagi sovet neoklassik uslubida qurilgan noyob arxitekturaga ega bino. U mustahkam, sifatli, [uzoq] xizmat qilish uchun qurilgan va yana yarim asr xizmat qiladi. Uni buzish hatto iqtisodiy jihatdan ham maqsadga muvofiq emas. Bu yerda muammo yangi egasi maktabni mehmonxonaga aylantirmoqchi ekanida emas, balki davlat organlari unga bu ishni qilishga imkon berganida. Bunday tarixiy obyektlarni hech qanday shartlarsiz xususiy mulkdorlarga sotish mumkin emas. Binoni arxitektura yodgorligi sifatida saqlab qolishdan rasmiylar manfaatdor bo‘lishi kerak”, — deydi Vladimir Ivanovich.

Faol va Yangiobod bo‘yicha turoperator Yelena Alekseyevaning aytishicha, u tashrif buyurgan uran o‘tmishiga ega bo‘lgan biror mamlakatda bunday o‘ziga xos, ixcham va bir me’moriy uslubga bo‘ysunadigan shahar yo‘q.

“Ayni paytda Yangiobodda turizm infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda. Yilning issiq mavsumida dam oluvchilarning katta oqimi kuzatiladi. Biz ekskursiya gidlari sifatida har bir binodan maksimal darajada foydalanishga harakat qilamiz. Musiqa maktabi buzilsa, shahar Yangiobodda shundog‘am barmoq bilan sanoqli bo‘lgan turistik obyektlaridan birini yo‘qotadi. Tomosha qilish uchun hech narsa qolmaydi. Eng to‘g‘risi — binoni saqlab qolish va uni konchilar shahri tarixi muzeyiga aylantirishdir”, — deydi Yelena Alekseyeva.

madaniy meros agentligi, musiqa maktabi, чайковский, yangiобод

Surat: Kirill Fris-Rayevskiy.

Turoperator bunga misol qilib, Yevropa Ittifoqi loyihasi doirasida yaratilgan Moylisoy (Mayluu-Suu) shahri tarixi va Qirg‘izistonning Uran merosi muzeyini keltirish mumkin. Sovet davrida Moylisoy uran rudasini qazib olish bo‘yicha mintaqaviy markaz hisoblangan, biroq SSSR parchalanganidan keyin yirik sanoat tanazzulga yuz tutdi. Muzey sobiq sanoat shahrining tarixi va an’analaridan, shuningdek, tog‘-kon va uran qoldiqlarining mahalliy aholi salomatligi va ekotizimiga ta’siridan hikoya qiladi.

Shu kunlarda, yangiobodliklarning xabar qilishicha, musiqa maktabi binosi va unga tutash hududda hech qanday qurilish ishlari olib borilmayapti. Uning taqdiri hali ham noma’lum.