Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda hududlarda advokat, transport boshqarmasi bosh mutaxassisi va hokimlik xodimining noqonuniy harakatlariga chek qo‘ydi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Xususan, Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimligi xodimi tumandagi kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kredit asosida berilgan uylardan birining egasiga kredit to‘lovlarini amalga oshirmayotganini ro‘kach qilib, uning xabardorligisiz xonadonni bank balansiga qaytargan. Shundan so‘ng boshqa bir fuqaro nomiga egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirib, kredit rasmiylashtirib berish evaziga 6 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Jizzax viloyati Transport boshqarmasining Tenderlar o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi Forish tumanida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonaga davlat tomonidan berilgan Isuzu avtobusini fuqaroga 6,6 ming dollarga sotayotganida ushlangan. Xodimda sotish huquqi bo‘lmagan.

Shuningdek, Buxoro shahridagi advokatlik byurosi advokati tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha prokuraturadagi tanishlari orqali yengillik yaratib berish evaziga 100 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, deyiladi xabarda.