26-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi “2027-yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” rezolyutsiyasini bir ovozdan ma’qulladi. Hujjat O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, unga 80 dan ortiq mamlakat hammualliflik qilgan, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

BMT veb-saytida Maldiv orollari ham tashabbuskor ekani haqida xabar berilgan.

Hujjatning bosh maqsadi Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil oktabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida turizm sohasining yangi muammolar va zamonaviy xatarlar oldida barqarorligi va moslashuvchanligi borasida bildirilgan fikrlariga asoslangan, deyiladi xabarda.

Rezolyutsiyada turizmning turli sivilizatsiyalar boy madaniy merosini asrashda, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashda, xalqlarning qadriyatlarini hurmat qilishda muhim o‘rin tutishi to‘g‘risidagi tamoyillar mustahkamlangan.

Ekologiya, bioxilma-xillikni asrash va atmosferaning ifloslanishini kamaytirish yo‘lida “yashil” turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Rezolyutsiya 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilishni qaror qiladi hamda BMTning Jahon sayyohlik tashkilotini hukumatlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, mintaqaviy tashkilotlar bilan birgalikda yilni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun kompleks choralar ko‘rishga chaqiradi.

Hujjatda barqaror turizmni, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, iqtisodiy o‘sish, to‘liq bandlikni ta’minlash, qishloq hududlarini rivojlantirish va qishloq aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiluvchi ekoturizmni rivojlantirish muhimligi ta’kidlanadi.

Rezolyutsiya barcha manfaatdor tomonlarga barqaror va yashovchan turizmni kambag‘allikni bartaraf etish, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironlarning ishtirokini rag‘batlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish hamda munosib ish joylari va daromad manbalarini yaratishning muhim vositasi sifatida faol ilgari surishni tavsiya etadi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, turizm jahon iqtisodiyotining eng yirik tarmoqlaridan biri sifatida madaniyatlarni yaqinlashtirish, yangi imkoniyatlar yaratish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish uchun ulkan salohiyatga ega.

Koronavirus pandemiyasidan turizm sanoati eng ko‘p zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, soha juda tez tiklanmoqda. UNWTO ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro turizm sanoatining aylanmasi 2023-yil oxiriga kelib pandemiyadan oldingi darajaning 88 foizini tashkil etgan.

Hujjat matnini muvofiqlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlarda Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Yaponiya, Koreya, Misr, Braziliya, Argentina kabi yetakchi davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etgan.