Bugungi kunda O‘zbekistonda iste’molchilarning ichimlik suvidan debitor qarzdorligi 954 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qildi.

Bunda jismoniy iste’molchilarning qarzdorligi 767 mlrd so‘mni tashkil etsa, 186 mlrd so‘mlik qarzdorlik yuridik iste’molchilarning hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha ichimlik suvi va oqova suv xizmatlaridan qarzdorlikni undirish yuzasidan tegishli huquqiy choralar ko‘rish boshlangan va muntazam davom etyapti. Jumladan, 2024-yil yanvar oyi holatida debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha sudlarga jami 13,6 mlrd so‘mlik da’vo arizalar kiritilgan.

Respublika bo‘yicha sudlarga eng ko‘p da’vo arizalari Toshkent shahri va Samarqand viloyati suv ta’minoti korxonalari tomonidan chiqarilgan.

“O‘zsuvta’minot” AJ va hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan joriy yil boshidan buyon o‘tkazilayotgan maxsus tadbirlar davomida ichimlik va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish va ulardan belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilmagan holda foydalanishga doir 696 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, jami yetkazilgan zarar 5,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, 450 ta holatda iste’molchilar tomonidan suv o‘lchagichdan foydalanish qoidalariga amal qilinmagani oqibatida 2,3 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.