Antarktida materigida parranda grippining yuqori patogenli shtammi (H5N1) bilan kasallanishning birinchi holatlari qayd etildi, deb yozdi Reuters. Bu materikning janubiy mintaqasida yashovchi yuz minglab pingvin koloniyalari uchun potensial xavf tug‘diradi.

Virus argentinalik olimlar tomonidan o‘tgan hafta oxirida “Primavera” tadqiqot bazasi yaqinida ikkita o‘lik skuada topilgan.

H5N1`ning eng yirik epidemiyasi 2021-yilda boshlangandi va shundan beri millionlab yovvoyi qushlarning o‘limiga sabab bo‘ldi, deya qayd etadi The Guardian. Infeksiya Okeaniyadan tashqari barcha qit’alarga tarqaldi.

Parranda grippi Antarktika mintaqasiga 2023-yil oktabr oyida yetib kelgan, u qit’adan taxminan 1600 km uzoqlikda joylashgan sub-Antarktika orollarida aniqlangan.

Avvaliga olimlar virusni chag‘alak, skua va chigirtchi kabi qushlarda qayd etgandi, ammo vaqt o‘tishi bilan kasallik albatroslar, pingvinlar va fulmarlarga ham o‘tgan. Keyinchalik infeksiya Antarktika sutemizuvchilariga yetib bordi, bu dengiz fillari va dengiz mushuklarining ommaviy nobud bo‘lishiga olib keldi. Dekabr oyida H5N1`dan birinchi oq ayiq o‘limi tasdiqlandi.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, pingvinlar bir-biriga yaqin joylashadi va virusning qushlar koloniyalariga kirib borishi kasallikning tez tarqalishiga olib kelishi mumkin. “Men [virus] pingvinlarga tarqalishidan qo‘rqaman. Skualar bir-biriga juda yaqin yashaydi, shuning uchun virus yuqishi uchun juda ko‘p imkoniyat mavjud”, — dedi Antonio Alkami, Ispaniya Oliy ilmiy tadqiqotlar kengashi eksperti.

Avvalroq Janubiy Afrika, Chili va Argentinada avj olgan epidemiyalar pingvinlarning virusga sezgir ekanini ko‘rsatgandi. H5N1 Janubiy Amerikada aniqlanganidan beri kasallik 500 mingdan ortiq dengiz qushlarini, jumladan, pingvinlar, saqoqushlar va gannetlarni nobud qildi.