Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi maktablarning birida yuqori sinf o‘quvchisi direktor o‘rinbosarining ko‘ziga musht tushirgani, biroq chora ko‘rilmayotgani aytilgan xabar tarqaldi. Shahar hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 19-fevral kuni soat 10:45 atrofida 1-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh. K. dars vaqtida o‘quvchilar qor o‘ynagani uchun ularni maktab hovlisidan chaqirib olib, darsga kirgizmoqchi bo‘lgan.

Shu paytda 10-sinf o‘quvchisi J.B. unga qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng direktor o‘rinbosari o‘quvchini xonasiga olib kirib gaplashgan va o‘quvchini urgan. Shunda o‘quvchi ham unining yuz qismiga musht tushirgan, deyiladi xabarda.

Voqea tufayli o‘quvchi va o‘qituvchi ham shifoxonaga yotqizilgan. Shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.