Qishning so‘nggi kunlari va bahorning birinchi kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havoning beqaror sharoiti saqlanib turadi, deb xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

26−29-fevral va 1-mart kunlari respublikaning ko‘p viloyatlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va dushanba kuni kunduzi Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Ushbu kunlarda respublika bo‘yicha me’yordan 2−5 daraja past bo‘lgan harorat saqlanib turadi. Havo harorati kechalari 0…-5 daraja sovuq, shimolda −5…−10 daraja sovuq, kunduz kunlari +2…+7 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Qor ko‘chishi xavfi bor.

Poytaxtda dushanba kunining birinchi yarmida biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin.

28-fevral va 1-mart kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Haftaning qolgan kunlari esa asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechalari −1…−4 daraja sovuq, kunduz kunlari +3…+6 daraja iliq bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi.