26-fevral kuni Toshkent shahri sudida “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yakuniy sud qarori e’lon qilinib, 23 kishiga nisbatan hukm o‘qib eshittirilmoqda.

Sudga raislik qiluvchi sudya Muso Yusupov Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK sobiq direktori Sardor Kariyevni Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi 4-qismi “a” va “b” bandlari (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish / odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa; boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa) va JKning boshqa moddalari bilan aybdor deb topdi va 2 yil 6 oy davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum etib, unga 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganini ma’lum qildi.

Jazoni hisoblash 2023-yil 24-yanvardan (qamoqqa olingan sana) boshlanadi.

Farmagentlik sobiq direktorining o‘rinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musayev 2 yil 6 oy muddatga davlat organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar (Singh Ragvendra Pratar) esa 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi 2023-yil avgust oyidan Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining dori-darmonlarini, jumladan, “Dok-1 Maks” yo‘talga qarshi siropini O‘zbekistonda qabul qilish oqibatida kamida 69 nafar bola vafot etgani bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagandi. Sud ishida 23 kishi (18 erkak va 5 ayol) ayblanayotgandi.

“Dok-1 Maks” ishi ko‘rilayotgan sud zalidan “Gazeta.uz”ning batafsil ma’lumotlari bilan havola orqali tanishishingiz mumkin.