26-fevral kuni avtobuslar bilan bog‘liq 2 ta yong‘in hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 08:20 atrofida “1-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 174-sonli Mercedes-Benz avtobusi Yuqori Chirchiq tumani Bardanko‘l-Jumabozor-Qiziltog‘ yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtida tormoz tizimida nosozlik (samotormojeniye) kelib chiqqan.

Shundan so‘ng, voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in qutqaruv bo‘linmasi tezkor guruhi chaqirilgan. U qisqa vaqtda bartaraf etilgan. Mazkur hodisa sabab tan jarohati olganlar bo‘lmagan.

Ushbu avtobus 2013-yil ishlab chiqarilgan bo‘lib, tasarruf boshidan buyon 862 425 kilometr masofani bosib o‘tgan. Hozirda kompaniyaning Ishlab chiqarish texnik bo‘limi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

O‘sha kuni, shuningdek, soat 08:20 atrofida “1-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 33-sonli avtobusda qisqa tutashuv sodir bo‘lgan va tutun (videoda yong‘in sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin) kelib chiqqan. 2013-yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz`da yo‘lovchilar bo‘lmagan.

Tutashuv sabablari texnik xodimlar tomonidan o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.