Umrining 40 yilini jurnalistikaga bag‘ishlagan Shonazar Ibrohimov o‘z davrida O‘zbekiston hayotining turli jabhalarini kadrlarga muhrlagan. Sharof Rashidov, Inomjon Usmonxo‘jayev, Rafiq Nishonov, Islom Karimov kabi O‘zbekistonning birinchi rahbarlari yonida yurib, ularning faoliyatini suratlarga olgan. “Gazeta.uz” muxbiri 77 yoshli faxriy fotograf bilan suhbatlashdi.

Shonazar Ibrohimov Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug‘ilgan. U jurnalistika sohasiga kirib kelishi haqida gapirarkan, “Mushtum” jurnalidagi bir maqolasi sabab oxir-oqibat yozuvchi jurnalist emas, balki fotograf bo‘lishga ahd qilganini ta’kidlaydi.

“Dadam rahmatli dehqon bo‘lib, diniy ilm egasi edi, siyosatni ham yaxshi tushunardi. Chor Rossiyasini ham, sovet davrini ham ko‘rgan kishi edi. Ota-onam har doim ilm olishim kerakligini uqtirardi, bu borada qo‘llab-quvvatlardi. Maktabda o‘qigan kezlarim ijodga qiziqardim, tadbirlarda faol edim. Armiyada yigitlik burchimni o‘tagan vaqtim harbiy muxbirlik ham qilganman. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)da o‘qish bilan birga gazeta va jurnallarga maqolalar yozib turardim. Adolat, haqiqat uchun kurashish maqsadida “Mushtum”da ham chiqishlar qilardim. Hozir hokimlar haqida mingta narsa yozing, bitta ham chora ko‘rilmaydi. U paytlar “Mushtum”ga tushgan amaldor lavozimidan uchib ketardi. Abdullayev degan ustozim “Mushtum”dagi bir materialimni o‘qigach, meni rosa so‘kib, dakki bergan. Shundan keyin fotojurnalistikaga o‘tishga qaror qilganman”, — deydi u.

1970−2006-yillarda O‘zA agentligi, “Toshkent binokori”, “Xalq so‘zi” kabi nashrlarda fotojurnalist sifatida ishlagan Shonazar Ibrohimov O‘zbekiston hayotining deyarli barcha sohalariga oid fotolavhalar, fotoreportajlar tayyorlagan. Xususan, u Toshkent metropoliteni qurilishini “otaliq”ga olgan fotojurnalist sifatida uning birinchi — “Chilonzor” yo‘nalishi qurilishining boshidan oxirigacha suratga tushirgan.

“U davrda siyosat shunday ediki, Toshkentdan „propiska“ qilish uchun qurilishda uch oy ishlab berish kerak edi. Qurilishda ishlab yurgan paytlarimda „Toshkent binokori“ gazetasining muharriri meni ishga taklif qildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, 1972-yilda O‘zbekiston telegraf agentligi (hozirgi O‘zA)ga ishga kirdim. Bir yildan keyin hukumat, Oliy Sovet tadbirlarini suratga ola boshladim. Siyosatga Sharof Rashidov davrida kirib kelganman. Faoliyatim mobaynida Leonid Brejnev, Mixail Gorbachyov, Boris Yelsin, Sharof Rashidov, Inomjon Usmonxo‘jayev, Rafiq Nishonov, Islom Karimov kabi rahbarlarni suratga tushirganman. O‘zbekistonning hozirgi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ham deputatlik vaqtida, bosh vazir etib tayinlanganida ko‘p rasmga olganman”, — dedi Shonazar ota.

Fotojurnalistning xotirlashicha, u hamma rahbarlarni bemalol rasmlarga olgan, unga hech kim qarshilik ko‘rsatmagan. “Sharof akani shundoq yonida turib rasmga olardim, qarshilik yo‘q edi. U kishining yuzidan nur yog‘ilardi. Rahbarlar orasida farishtasifat, istarali shaxs edi. Karimovni esa 2 metr masofadan turib rasmga olardik, yaqinlashishga qo‘yishmasdi. Hozirgi zamon kameralarida 10 metr uzoqlikdan turib ham yaxshi rasmga olish mumkin”, — deydi u.

Shonazar Ibrohimov intervyu davomida o‘zi olgan suratlar arxivini tarix uchun saqlab qolish niyatida ekanligini, bu masalada ko‘mak so‘rab madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashgani, ammo hanuz biror amaliy yordam ko‘rsatilmaganini aytib o‘tdi.

Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati

“Uyimdagi minglab suratlarni fotojurnalmi, kitob holatidami saqlab, kelgusi avlodlarda qoldirish kerak. Bunga mablag‘ kerak. Mening qurbim yetmaydi. O‘zi bor-yo‘g‘i 1,5 mln so‘m nafaqa olaman, shuni ham dori-daromonim, yeb-ichishimga zo‘rg‘a yetkazaman. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga yordam so‘rab, 3−4 marta ariza yozdim. Oxiri 2023-yil iyunida vazir qabuliga chaqirishdi. Uchrashuvda vaqt kamligi uchun maqsadimni qisqaroq tushuntirishga harakat qildim. Chunki mendan keyin ham navbat kutayotganlar ko‘p edi. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tsa hamki biror natija yo‘q. Ko‘chada „Yangi O‘zbekistonda inson aziz, el aziz“ degan shiorlarga ko‘zim tushadi. Ijrosi, natijasi bo‘lmasa, qanday aziz bo‘lamiz? Men bu tarixni xalqimga, kelajak avlodga qoldirishni istayman. Menga boshqa hech narsaning keragi yo‘q, hozir ko‘zim yumilsa, buni hech kimga keragi bo‘lmay qoladi. Suratlarim juda sifatli, ularni saqlasak, yana 100−200 yil turadi”, — deya qo‘shimcha qildi fotojurnalist Shonazar Ibrohimov.

Shonazar ota bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq ko‘rinishini “Gazeta.uz”ning YouTube’dagi sahifasida ham tomosha qilish mumkin: