23-fevral kuni Anvarjon Aliyevich Abdullayev Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Shu kuni Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida amaldagi hokim Ilyosbek Novikov (29-yanvar kuni prezident 2023-yilda 16 ta tumanda birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmagani ortidan mazkur hududlar hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni bosh vazir Abdulla Aripovga topshirgandi, hududlar orasida Novikov boshqargan Qo‘shtepa tumani ham tilga olingandi) lavozimidan ozod etilgani va uning o‘rniga yangi rahbar tayinlanishi bo‘yicha ma’lumot berildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Anvarjon Abdullayev nomzodini ko‘rsatdi va tuman deputatlari buni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Abdullayev mazkur lovozimgacha viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, Anvarjon Abdullayev 1982-yilda O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. 2004-yilda Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. 2004−2014-yillar davomida Qo‘qon shahri statistika bo‘limida, 2014−2022-yillarda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston va Dang‘ara tumani hokimliklarida mas’ul lavozimlarda, 2022−2023-yillarda esa Farg‘ona viloyati mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.