Maktab formasini kiyish bolalarning, ayniqsa, boshlang‘ich sinf yoshidagi qizlarning faolligini cheklashi mumkin. Bu haqda Kembrij universitetining (Buyuk Britaniya) Sport and Health Science jurnalida chop etilgan tadqiqotida aytiladi.

Olimlar 135 mamlakatdagi 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan milliondan ortiq maktab o‘quvchilarining faolligi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilgan. Ular maktab formasi majburiy bo‘lgan mamlakatlarda bolalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) kuniga 60 daqiqalik tavsiyasidan kamroq harakat qilishini aniqlagan.

JSST ko‘rsatmalariga erishgan maktab o‘quvchilarining o‘rtacha ulushi forma kiyish norma bo‘lgan mamlakatlarda 16 foizni tashkil etgan. Forma kamroq tarqalgan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 19,5 foizni ko‘rsatgan.

Olimlar, shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida jismoniy faollik darajasidagi gender farqni payqagan — JSST tomonidan tavsiya etilgan barcha yoshdagi faollik darajasiga erishgan o‘g‘il bolalar soni qizlarga qaraganda 1,5 baravar ko‘p.

O‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi farq, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida kuzatilgan. Tadqiqot mualliflari buni kichik yoshdagi bolalar katta yoshdagi o‘quvchilarga qaraganda faolroq bo‘lishi, lekin qizlar yubka yoki ko‘ylakda ochiq havoda o‘tkaziladigan o‘yinlarda qatnashishda noqulaylik sezishi bilan izohlaydi.

“Maktablar ko‘pincha turli sabablarga ko‘ra formadan foydalanishni tanlaydi, — dedi tadqiqotchi Meyrid Rayan. — Biz uni to‘liq taqiqlashni taklif etmayapmiz, aksincha, qabul qilgan qarorlarimizni oqlash uchun yangi dalillar taklif qilyapmiz. Maktab jamoalari formalarning aniq xususiyatlari kun davomida jismoniy faoliyat uchun qandaydir imkoniyatlar tug‘dirishi yoki cheklashi mumkinligini ko‘rib chiqishi mumkin”.