O‘zbekistonda 1-martdan chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmofera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish amaliyoti joriy etiladi.

Bu Shavkat Mirziyoyevning 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Shu kundan boshlab yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar haqida muntazam xabardor qilish boshlanishi kerak.

Farmonda, shuningdek, mart oyidan boshlab o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish obyektlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etish topshirilgan.