15-fevral kuni Jizzaxdagi oilaviy bog‘chada qarovsiz qolgan 3 yoshli qiz ko‘chaga chiqqanda ariqqa tushib ketib, vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

O‘sha kuni soat 09:00 da Do‘stlik tumanida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari nazoratsiz qoldirilishi oqibatida 3 nafar voyaga yetmagan bola maktabgacha ta’lim tashkiloti hovlisidan chiqib ketgan.

Soat 13:00 larda 2021-yilda tug‘ilgan qiz bog‘chadan taxminan 1 km uzoqlikdagi fermer xo‘jaligi dala maydonidan oqib o‘tuvchi ariqdagi suvdan o‘lik holda topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192−11 (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash)-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmokda.

Qolgan ikki bola sog‘lom, ular oila davrasiga qaytarilgan.

Maktabgacha ta’lim agentligining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, mazkur bog‘cha faoliyati tugatildi.