Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

“Qozon Ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston prezidentlari va boshqalar qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni o‘zbek tilida tabrikladi.

“Aziz do‘stlar, bugun mana shunday katta anjumanning Rossiyaning hurmatli prezidenti Vladimir Vladimirovich Putin tashabbusi bilan o‘tkazilayotgani dunyoda haqiqatda birinchisi. Barchani birinchi „Kelajak o‘yinlari“ bilan tabriklayman. Rossiya xalqini ham mana shu katta bayram bilan tabriklayman. Ayniqsa, Qozon xalqi va yoshlarini mana shu bayram bilan alohida tabriklamoqchiman. Bu musobaqalarda O‘zbekiston yoshlari ham qatnashyapti, ularga ham omad tilayman, omad hammangizga hamroh bo‘lsin”, — dedi u.

Davlat rahbari shundan so‘ng rus tilida so‘zga chiqib, kibersport rivojiga muvaffaqiyat tiladi va Qozog‘istonda 2025-yilda “Kelajak o‘yinlari” o‘tgach, 2026-yilda uni O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Bungacha Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari o‘z ona tillarida chiqish qilgandi.

Marosimdan so‘ng prezidentlar maxsus ko‘rgazma bilan tanishdi. Virtual makondagi bellashuvlar va an’anaviy sportni o‘zida mujassam etgan “fijital sport” konsepsiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Yetakchilar kibersport musobaqalarini, fijital futbol bo‘yicha mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, sportdagi yangi yo‘nalishning bugungi rivoji va istiqbollari haqida hikoya qiluvchi tasviriy san’at namunalari va taqdimotlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytdi. Abdulla To‘qay nomidagi xalqaro aeroportda davlat rahbarini Tatariston raisi Rustam Minnixanov kuzatib qo‘ydi.

“Kelajak o‘yinlari” — klassik sport turlari va ularning raqamli analoglari bo‘yicha gibrid sport musobaqalarini o‘z ichiga olgan sport shousi. “O‘yinlar” 21-fevraldan 3-martgacha bo‘lib o‘tadi.

Turnirda dunyoning 100 dan ortiq davlatidan, jumladan, O‘zbekistondan 300 ga yaqin jamoa ishtirok etmoqda. O‘zbekistonlik sportchilar fijital hokkey, virtual velopoyga, sport dasturlash kabi sport turlari bo‘yicha chiqish qiladi.