AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda besh yilga mo‘ljallangan “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasini ishga tushirdi. 20-fevral kuni dasturning taqdimoti o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman va boshqalar ishtirok etdi. Ular o‘z nutqida O‘zbekistondagi har bir bolaning muvaffaqiyatini ta’minlashda hamkorlik va fidoyilik muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

all children succeeding, usaid, barcha bolalar muvaffaqiyatli, ijtimoiy himoya milliy agentligi, inklyuziv ta’lim

USAID “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi orqali uchta muhim yo‘nalishni: inklyuziv ta’lim uchun qulay o‘quv-metodik materiallar, o‘qituvchilar uchun amaliyot va maktab muhitini yaratish hamda o‘qituvchilar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda ishlab chiqilgan barqaror siyosatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorovning ta’kidlashicha, inklyuziv ta’lim alohida ta’lim olishga ehtiyoji bo‘lgan bolalar va o‘quvchilarning jamiyatga samarali moslashuvi hamda to‘laqonli a’zosiga aylanishida muhim bosqich hisoblanadi.

“So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni tashkil etish juda muhim masalaga aylanmoqda. Inklyuziv ta’lim, birinchi navbatda, barcha bolalarga ta’lim muassasalari tomonidan ta’lim berish imkonini yaratishdir, ya’ni har bir insonnning ta’lim olishga bo‘lgan huquqini ta’minlashdir. Xabarlaringiz bor, 2021-yilda O‘zbekiston Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha konvensiyaga qo‘shilgan. Bu majburiyatlarimizni bajarish bo‘yicha biz uchun yana bir muhim qadamdir”, — dedi u.

all children succeeding, usaid, barcha bolalar muvaffaqiyatli, ijtimoiy himoya milliy agentligi, inklyuziv ta’lim

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov.

Uning qayd etishicha, mazkur loyiha O‘zbekistonda bolalar va maktab yoshidagi o‘quvchilarga asosiy ko‘nikmalarni berish orqali inklyuziv sifatli va teng huquqli ta’lim muhitini yaratishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Loyihaning amalga oshirilishi maktabgacha ta’lim tashkilotidan boshlab, boshlang‘ich maktabga uzluksiz o‘tishni va 4-sinfdan 5-sinfga o‘tishni, shu jumaladan, barcha bolalarni, ayniqsa, alohida ta’limga muhtoj o‘quvchilarga sifatli ta’lim tizimini yaratadi”, — dedi agentlik direktori.

Mansurbek Olloyorovning so‘zlariga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan bolalarni ta’limga jalb qilish oddiy ta’limning o‘zi bilan hal bo‘lmaydi.

“Bu borada ijtimoiy himoya, mahallalarda ish boshlayotgan ijtimoiy xodimlar, „Inson“ ijtimoiy himoya markazlarining roli ham juda muhim. Nogironligi bo‘lgan bola yashaydigan oilaga kompleks xizmat ko‘rsatish orqali bolalarni ta’limga jalb qilish zarur, ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun ham „Barcha bolalar muvaffaqiyatli“ loyihasini amalga oshirishda ham kompleks yondashuv zarur. Nogiron bolani oiladan olib chiqib, uni maktabgacha kelishi kerak bo‘lgan jarayon ko‘plab ishlarni talab qiladi. Bunda hammamiz birlashib, hamkorlik qilamiz, degan umiddaman. Ishonchim komilki, bugun biz imzolayotgan, inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan bitim tez orada o‘z natijalarini ko‘rsatadi”, — dedi u.

Ma’lum qilinishicha, USAID besh yil davomida “Barcha bolalar muvaffaqiyati” loyihasiga 25 million dollar ajratishni rejalashtirgan. Loyiha Creative Associates International hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari, AQShning Sirakuz universiteti qoshidagi nogironlik va inklyuziya markazi, Praxis Plus va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

all children succeeding, usaid, barcha bolalar muvaffaqiyatli, ijtimoiy himoya milliy agentligi, inklyuziv ta’lim

USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori  Devid Xofman  o‘z nutqida har bir bolaning rivojlanishi va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun ta’lim imkoniyatlarini yaratishda jamoaviy mas’uliyat muhimligini qayd etdi.

“AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining ushbu loyihasi ta’lim sohasidagi investitsiyalar orqali prezident Shavkat Mirziyoyevning inklyuziv ta’limga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va natijada bolalarni XXI asr ko‘nikmalari bilan shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar yordamida barcha bolalar qatori nogironligi bo‘lgan bolalarning ham to‘liq imkoniyatlarini rivojlantirishni maqsad qilganmiz”, — dedi Devid Xofman.

“Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi rahbari Keyt Lephemning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha O‘zbekiston hukumatiga inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda ko‘maklashadi.

“Loyiha mamlakatda har bir bolaning maktabda muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur bo‘lgan ta’lim va o‘quv materiallari sifatini takomillashtirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu esa inklyuziv ta’lim tizimi uchun asos yaratib, o‘quvchilar, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalarning asosiy ko‘nikmalarini oshiradi”, — dedi u.

all children succeeding, usaid, barcha bolalar muvaffaqiyatli, ijtimoiy himoya milliy agentligi, inklyuziv ta’lim

“Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi rahbari Keyt Lephem

Uning qayd etishicha, “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi O‘zbekiston hukumati bilan o‘quv materiallarini tahlil qiladi va quyidagi qo‘shimcha resurslarni ishlab chiqadi:

  • har bir bolani qamrab olishga qaratilgan ta’limda individual yondashuvni qo‘llab-quvvatlash;
  • o‘qish, matematika, tanqidiy fikrlash, ijtimoiy va emotsional kompetensiyalarda fundamental ko‘nikmalarni rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • turli ko‘rinishdagi ko‘rinar va ko‘rinmas nogironligi bo‘lgan bolalarning umumta’lim sinflarida muvaffaqiyatli o‘qishlarida yordam berish.

Uning ma’lum qilishicha, loyiha dastlab Namangan va Sirdaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi. Har bir pilot hududdan 3 tadan bog‘cha va 3 tadan maktab tanlab olinadi. “Uchinchi hudud maktablari USAID hamda O‘zbekiston hukumati bilan kelishilgan holda tanlanadi”, — dedi loyiha rahbari.

Taqdimot yakunida Creative Associates International, prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari tomonidan hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Qayd etilishicha, kelishuvdan maqsad sifatli inklyuziv ta’limni tashkil etish va O‘zbekistondagi barcha bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikda ish olib borishdan iborat. Ushbu umumiy majburiyat ta’lim tizimini yanada inklyuziv bo‘lishiga asos soladi va o‘quvchilarining, jumladan, nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarning tayanch ko‘nikmalarini  rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023−2025-yillarda inklyuziv ta’lim tizimi 51 foiz umumta’lim maktablarida joriy qilinishi belgilangan.