Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat xizmatini xususiy sektor bilan raqobatlashadigan maoshlarni belgilash orqali jozibador qilishni taklif qildi.

“Men, qoida tariqasida, ertalab soat 8−9 dan kechki 8−9 ga qadar ish joyida bo‘lgan davlat xizmatchilari ma’lum bir moddiy kompensatsiya olishlari kerak, deb hisoblayman, lekin bunda ish haqi va mukofotlar bilan cheklanmaslik kerak. Savol dolzarb. Biz buni aniq davlat xizmatchilari foydasiga hal qilamiz”, — dedi Qozog‘iston rahbari 20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Prezident yosh kadrlari zaxirasi forumida so‘zlagan nutqida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu borada Singapur va boshqa mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratish lozim.

Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda hozir davlat sektorlarida kuchli mutaxassislar yetishmaydi. “Davlat xizmatining gibrid modelini joriy etishni davom ettirish zarur. Buning uchun davlat xizmatiga xususiy sektordan malakali kadrlarni erkinroq, osonroq jalb etish masalalarini atroflicha o‘rganish kerak”, — dedi u.

Bundan tashqari, Qozog‘iston rahbari davlat xizmatidagi ayollar sonini ko‘paytirishga chaqirdi, chunki ular “mehnatga e’tiborliroq” va “korrupsiyaga moyil emas”. “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining statistik ma’lumotlari ayollar o‘zini nisbatan mas’uliyatliroq tutishini ko‘rsatmoqda”, — dedi u.

Toqayevning ta’kidlashicha, hukumat apparatida ayollar ulushi qariyb 55 foizni tashkil etsa-da, boshqaruv xodimlari orasida bu ko‘rsatkich 39 foizdan past. Uning so‘zlariga ko‘ra, umuman olganda, “davlat xizmatida ayollar, yoshlar va nogiron fuqarolar sonini ko‘paytirish zarur”.

Toqayev, shuningdek, mamlakatda hali ham davom etayotgan “qo‘mondonlik harakatlari” amaliyotini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident administratsiyasi va Davlat xizmati ishlari agentligiga ushbu masalani “qat'iy nazoratga olish va bu kabi holatlarning oldini olish” bo‘yicha topshiriq berilgan.