O‘zbekistondagi bir qator banklar Contact pul o‘tkazmalari tizimi bilan ishlashni to‘xtatganini ma’lum qildi.

21-fevral kuni ertalab Rossiya Markaziy banki QIWI Bank litsenziyasini qaytarib oldi. Regulyator ushbu qarorni kredit tashkiloti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlari talablarini muntazam ravishda buzayotgani bilan izohladi.

Litsenziya qaytarib olinganidan so‘ng bankka tegishli, u orqali xorijga pul o‘tkazish mumkin bo‘lgan Contact to‘lov tizimi ishlamay qoldi. Bundan tashqari, QIWI Hamyon xizmati depozitlarni, keyin esa pul olishni blokladi.

Omonatlarni sug‘urtalash QIWI Bank elektron hamyonlaridagi mablag‘larga taalluqli emas, dedi Rossiya Markaziy banki. Omonatlarni sug‘urtalash tizimida bankning o‘zi ishtirok etadi. Omonatlarni sug‘urtalash agentligi bank omonatchilariga sug‘urta to‘lovlarini to‘lashni 6-martgacha boshlashni rejalashtirmoqda.

Buning fonida O‘zbekistonning “Ipak yo‘li” banki Contact orqali pul o‘tkazmalari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatgani haqida xabar berdi. Moliyaviy muassasa muqobil sifatida Western Union, Zolotaya Korona, Visa Direct, MoneySend, MoneyGram va Money Express`dan foydalanishni taklif qildi.

Xalq banki ham “texnik sabablarga ko‘ra” Contact o‘tkazmalari to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Contact Rossiya bozoridagi eng yirik pul o‘tkazmalari tizimlaridan biri edi. Ushbu tizim dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda 670 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatish punktlariga ega.

Eslatib o‘tamiz, QIWI Uzbekistan ilovasi 18-dekabr kuni ishlamay qolgandi. Kompaniya foydalanuvchilardan Uzcard va Humo kartalariga pul yechib olishini so‘radi. Xizmat ilovaning yopilishini O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan xalqaro pul o‘tkazmalariga joriy etilgan taqiqdan keyingi cheklangan funksionallik bilan izohlagan.