O‘zbekistonda pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasining 20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisida qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220−1-moddasiga qo‘shimcha kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ikkinchi va uchunchi o‘qishda ko‘rib chiqib qabul qilindi.

Qayd etilishicha, qonunga xilof ravishda saqlayogan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida Jinoyat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan qoida shaxslar boshqa turdagi qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganda ularni javobgarlikdan ozod qilish muammosini hal etmaydi.

Shu bilan birga, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida qurolni, shu jumladan, yuqorida ko‘rsatilgan o‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlik uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdirlash choralari belgilanishi mumkinligi bayon etilgan.

Bu huquqiy ziddiyatni bartaraf etish maqsadida mazkur loyiha bilan MJTKning 220−1-moddasi yuqorida keltirilgan norma bilan to‘ldirilyapti.

Deputatlar qonun loyihasi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.