1-apreldan Nukusdan Istanbulga aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu prezidentning 9-fevraldagi Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, Istanbul — Nukus — Toshkent va Samarqand — Nukus — Istanbul yo‘nalishlarida parvozlar amalga oshirilishi kutilmoqda.

Qarorda Transport vazirligiga “Uzbekistan Airways” AJ, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan barcha rezident aviakompaniyalar hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga turistlar oqimini yanada oshirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish topshirildi. Maqsad — Qoraqalpog‘istonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.

Bundan tashqari, yangi xarid qilinayotgan L-410 rusumli samolyotlardan bir donasini Qoraqalpog‘istonga ichki reyslar uchun ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistonning bir qancha shaharlaridan Istanbulga parvozlar Uzbekistan Airways va Turkish Airlines tomonidan amalga oshirilmoqda.