19-fevral kuni Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xatori Takashi va O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov “Barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida 37 mlrd iyena (taxminan 246,2 mln dollar) miqdorida kredit ajratish bo‘yicha almashuv notalarini imzoladi, deya xabar berdi diplomatik missiya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Bundan tashqari, Ilhom Norqulov va JICA`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi ushbu loyiha bo‘yicha kredit kelishuvini imzoladilar. Kredit 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga beriladi. Foiz stavkasi yiliga 1,8 foizni tashkil etadi.

Loyihaning maqsadi O‘zbekistonni bozor iqtisodiyotiga o‘tishi bo‘yicha iqtisodiy islohotlarning uzluksiz amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy integratsiya va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishdan iborat.

“Loyiha mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi va uning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

2022-yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi tashqi ishlar vazirlarining 9-uchrashuvida erkin va ochiq Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishga erishish maqsadida Yaponiya hamkorlik “insonlarga sarmoya kiritish” va “o‘sish sifati”ga ustuvor ahamiyat qaratadigan yangi modelga muvofiq yo‘lga qo‘yilishini va rivojlantirishini e’lon qilgandi. Ushbu loyiha “O‘sish sifati” tushunchasini o‘zida qamrab oladi.