Rossiyalik marhum siyosatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya jamoatchilikka murojaat qilib, erining ishini davom ettirishini ma’lum qildi. Uning videomurojaati Navalniyning YouTube kanalida e’lon qilindi.

Aleksey Navalniy 47 yoshida Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida vafot etdi. 2023-yil avgust oyida u “ekstremistik” ish bo‘yicha 19 yilga maxsus rejimdagi koloniyaga hukm qilingandi. Bu siyosatchining so‘nggi yillardagi uchinchi qamoq muddati edi.

“Men bu joyda bo‘lmasligim, bu videoni yozmasligim kerak edi. Mening o‘rnimda boshqa odam bo‘lishi kerak. Ammo Vladimir Putin u odamni o‘ldirdi. Uch kun oldin Vladimir Putin mening erim Aleksey Navalniyni o‘ldirdi. Putin bolalarimning otasini o‘ldirdi. Putin eng qimmatli insonimni mendan ayirdi”, — dedi Yuliya Navalnaya.

U, shuningdek, Putin Navalniyni nafaqat undan, balki Navalniyning boshqa barcha tarafdorlaridan ham tortib olganini ta’kidladi.

“[Putin] u bilan birga bizning umidimizni, erkinligimizni, kelajagimizni o‘ldirmoqchi edi. Rossiya boshqacha bo‘lishi mumkinligi haqidagi eng yaxshi dalilni yo‘qqa chiqardi. <...> Bu yillar davomida men Alekseyning yonida bo‘ldim. <...> Lekin bugun men sizning yoningizda bo‘lmoqchiman, chunki bilamanki, siz ham mendan kam yo‘qotmadingiz. <...> Aleksey uch yillik qiynoq va azoblardan so‘ng koloniyada vafot etdi. <...> Uni mazax qilishdi, dunyodan uzishdi, menga va bolalariga xat yoza olmasligi uchun qog‘oz-qalam berishmadi, och qoldirishdi. Va u nafaqat taslim bo‘lmadi, balki bizni doimo qo‘llab-quvvatladi. Biron soniya ham nima uchun kurashayotgani va nima uchun azob chekayotganiga shubha qilmadi. Erimni sindirib bo‘lmasdi. Va aynan shuning uchun Putin uni o‘ldirdi. Sharmandali tarzda, qo‘rqoqlik bilan, uning ko‘zlariga qarashga yoki ismini aytishga jur’at etolmasdan”, — dedi Yuliya Navalnaya.

“Men Aleksey Navalniyning ishini davom ettiraman. Siz bilan birgalikda vatanimiz uchun kurashishda davom etaman. Va sizni yonimda turishga chaqiraman. Nafaqat bizni o‘rab olgan va qo‘yib yubormayotgan qayg‘u va cheksiz og‘riqni baham ko‘rishni, balki g‘azabimni ham baham ko‘rishingizni so‘rayman. Bizning kelajagimizni o‘ldirishga jur’at etganlarga nisbatan nafrat va g‘azabni”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Yuliya Navalnaya, shuningdek, tez orada nima uchun “Putin Navalniyni o‘ldirganini” aytib berishini ta’kidladi. U erining o‘limiga bevosita aloqador bo‘lganlarning shaxsi ham oshkor etilishini qo‘shimcha qilib, “biz bu jinoyatni aniq kim va qanday sodir etganini aniqlaymiz, ismlarini aytib, yuzlarni ko‘rsatamiz”, — deya va’da berdi.