Jahon prognozlash markazlarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024-yilgi mart oyi nisbatan salqin bo‘lishi taxmin qilinmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

O‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 1−2 darajaga past, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lib, +4…+9 darajani, janubda +10…+11 darajani tashkil etadi.

Oy davomida harorat kechalari 0…-5 darajadan +5…+10 darajagacha, kunduz kunlari +5…+10 darajadan +17…+22 darajagacha, janubda +20…+25 darajagacha keskin o‘zgarib turishi prognoz qilinmoqda.

Respublika hududining katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda undan ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda mart oyi odatda qanday o‘tadi?

Odatda, O‘zbekistonda mart oyida havo harorati tez ko‘tarila boshlaydi. O‘rtacha havo harorati fevralga nisbatan 5−6 darajaga, shimolda esa 7−8 darajaga yuqori bo‘ladi. Oyning eng iliq, ayniqsa ikkinchi yarmida quyosh nurlari havoni +23…+28 darajagacha, janubda esa +30…+33 darajagacha isitadi.

Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun mart oyida qayd etilgan eng yuqori harorat qiymatlari hududning katta qismida +30…+33 darajani, janubiy hududlarda esa +34…+37 darajani tashkil etadi.

Biroq mart juda murakkab oy deb hisoblanadi. Ushbu oy havo oqimlari yo‘nalishi tez-tez o‘zgarishi bilan tavsiflanadi. Janubdan juda iliq havoni jadallik bilan kirib kelishi Volga bo‘yi, Ural va G‘arbiy Sibir hududlaridan sovuq havo oqimi kirib kelishi bilan almashadi, deydi mutaxassislar.

Iliq ob-havo davrlari sovuq davrlar bilan almashadi, bunda harorat ko‘pincha 0…-5 darajagacha pasayadi.

O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun mart oyida mutlaq minimal harorat hududning katta qismida −15…−20 darajani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qizilqum shimolida −23…−25 darajagachani tashkil etadi. Ustyurtda esa 1954-yil mart oyida harorat -34…--37 darajagacha pasaygan.

Infografika: O‘zgidromet.Infografika: O‘zgidromet.

So‘nggi o‘ttiz yil ichida mart oyida bunday past harorat kuzatilmagan. Eng past harorat hududning katta qismida −6…−11, shimolda −11…−16, Ustyurtda −20…−23 darajani tashkil etgan.

O‘zbekistonda mart oyi — yog‘ingarchilik miqdori va yog‘ingarchilik kuzatiladigan kunlar soni bo‘yicha yilda yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘ladigan oy deb hisoblanadi. Hududning katta qismida (shimoliy hududlar va cho‘l zonasidan tashqari) mart oyida 10 kundan 15 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladigan kunlar kuzatiladi.

Mart oyida yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi, ammo haroratning keskin pasayishi davrida yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Ushbu asrda 2012-yilning sovuq mart oyi “eng qorli” davr bo‘lib, bunda bir necha bor qor yog‘ishi hisobiga qor qoplamining shakllanishi kuzatilgan, respublikaning tekislik hududida qor balandligi ba’zi joylarda 7−12 sm ga yetgan.