15-fevral kuni Toshkent shahri Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida 2017-yilda tug‘ilgan qizga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyat bo‘yicha yopiq sud bo‘lib o‘tdi. Unda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda uning axborot xizmati.

Hukmga ko‘ra, sudlanuvchi erkak Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan aybli deb topildi. Unga nisbatan 16 yil ozodlikdan mahrum qilish va jazoni qattiq tartibdagi koloniyalarda o‘tash belgilandi. Qonunchilikda ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilganlar 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi belgilangan.

Bunday toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning yangi tartibiga binoan, mazkur hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng mahkumga nisbatan jazoni yumshatish hech bir chorasi qo‘llanmaydi va u jazoni to‘liq o‘taydi.

bolalar ombudsmani, jinsiy зўравонлик

“Bolalarga nisbatan sodir etilayotgan bu toifadagi jinsiy jinoyatlarni, shu jumladan, mazkur ish materiallarini o‘rganish ham shuni ko‘rsatyaptiki, afsuski, bunday qabih jinoyatlarni sodir etishda jinoyatchilarga bolaning ayni paytdagi qarovsizligi, begona shaxsga ishonuvchanligi va undan mutlaqo hayiqmasligi kabi holatlar qo‘l kelmoqda”, — deya ta’kidladi bolalar ombudsmani.

Uning qayd etishicha, bolalarni bunday mudhish vaziyatlardan asrash uchun, eng avvalo, kichik yoshdagi bolalarni imkon qadar kattalar qarovisiz qoldirmaslik kerak.

“Shu bilan birga, bolaga har qanday hollarda ham begonalar bilan suhbatlashmaslik, agar shunday xavf bo‘lsa, birinchi navbatda, o‘zini qanday tutish va nima qilish zarurligi bo‘yicha oddiy qoidalarni o‘rgataylik. Bunday ko‘nikmalar bolada uyda ham, bog‘cha va maktabda ham birdek shakllantirilib borilishi zarur”, — deya yuzlandi ombudsman.