Rossiya Federal Jazoni ijro etish xizmati 16-fevral kuni muxolifatchi Aleksey Navalniy “Qutb bo‘risi” koloniyasida vafot etgani haqida xabar berdi. Xabarda siyosatchining o‘limi sababi aytilmagan. Navalniyning jamoasi va qarindoshlari uning o‘limi haqidagi ma’lumotni hali tasdiqlamadi. Xorijiy siyosatchilar, Navalniyning yaqinlari va O‘zbekiston jamoat arboblarining munosabati — “Gazeta.uz” materialida.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron

“Hozirgi Rossiyada erkin ruhlilar GULAGga yuboriladi va o‘limga hukm qilinadi. G‘azab va nafrat. Men Aleksey Navalniy xotirasiga, uning fidoyiligiga, jasoratiga hurmat bajo keltiraman. Mening o‘y-xayollarim uning oilasi, yaqinlari va rus xalqi bilan birga”.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak

“Bu dahshatli yangilik. Rossiya demokratiyasining eng ashaddiy himoyachisi sifatida Aleksey Navalniy butun umri davomida aql bovar qilmaydigan jasorat ko‘rsatdi. Mening xayollarim uning rafiqasi va Rossiya xalqi bilan birga, ular uchun bu juda katta fojia”.

Germaniya kansleri Olaf Shols

“Hozircha yakuniy tasdiq yo‘q, ammo biz Navalniyning Rossiya qamoqxonasida o‘lgan bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanidan xabardormiz. Bu bizni juda tushkunlikka tushirdi. Men u bilan Berlinda, zaharlanish oqibatlaridan Germaniyada davolanayotganida uchrashgandim va u bilan Rossiyaga qaytish qarori qanday jasorat talab qilishi haqida suhbatlashgandim. Bugun u buni o‘z hayoti bilan to‘ladi. Biz bu tuzum tufayli yuz berganini juda yaxshi bilamiz. Tanqid qilgan, demokratiya tarafdori bo‘lgan har kim o‘z hayoti va xavfsizligi uchun qo‘rqishi kerak. Shu sababli biz shokdamiz. Bizning fikrlarimiz uning rafiqasi, bolalari, do‘stlari, izdoshlari bilan. Bu shunchaki dahshatli. Va bu Rossiya qanday o‘zgarib ketganining belgisidir. Afsuski, bu jarayon ancha oldin boshlangandi, mamlakat demokratiyadan uzoqlashgan, uzoq vaqtdan beri demokratiya bo‘lmagan”.

Latviya prezidenti Edgar Rinkevich

“Siyosatchi sifatida Aleksey Navalniy haqida nima deb o‘ylasangiz ham, u bugun Kreml tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Bu haqiqat va siz hozirgi Rossiya rejimining asl mohiyati haqida bilishingiz kerak bo‘lgan narsa. Marhumning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildiraman”.

Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Kros

“Aleksey Navalniy demokratiya va inson huquqlari himoyachisi edi. Uning fojiali o‘limi nega biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Rossiya Ukrainada ustunlik qilmaydi. Bizning o‘y-fikrlarimiz Navalniyning oilasi, do‘stlari hamda jasur rossiyalik siyosiy mahbuslar bilandir”.

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel

“Aleksey Navalniy erkinlik va demokratiya qadriyatlari uchun kurashdi. O‘z ideallari uchun eng katta qurbonlikni bajo keltirdi. Yevropa Ittifoqi ushbu fojiali o‘limda faqat Rossiya rejimini javobgar deb biladi. Uning oilasiga chuqur hamdardlik bildiraman. Va butun dunyo bo‘ylab eng qorong‘u sharoitlarda demokratiya uchun kurashayotganlarga. Jangchilar o‘ladi. Ammo ozodlik uchun kurash hech qachon tugamaydi”.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen

“Aleksey Navalniyning vafoti haqidagi xabardan qattiq shokda va qayg‘udaman. Putin hech narsadan o‘z xalqining noroziligidan qo‘rqqanchalik hayiqmaydi. Bu Putin va uning rejimi nimani ifodalashi haqidagi dahshatli eslatma. Avtokratiyaga qarshi chiqishga jur’at qilganlarning erkinligi va xavfsizligi uchun kurashda birlashaylik”.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel

“Ommaviy axborot vositalarida o‘z hayotini Rossiya sha’nini saqlab qolishga bag‘ishlagan, demokratlar va fuqarolik jamiyatiga umid bag‘ishlagan juda jasur shaxs Aleksey Navalniyning o‘limi haqidagi xabarlardan shokka tushib qoldim. Qo‘shimcha ma’lumotni kutar ekanmiz, aniq aytaylik: buning javobgarligi faqat Putin zimmasida”.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk

“Aleksey, biz sizni hech qachon unutmaymiz. Va biz ularni hech qachon kechirmaymiz”.

Gollandiya bosh vaziri Mark Ryutte

“Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning o‘limi haqidagi xabar meni qattiq hayratda qoldirdi. Bu Rossiya rejimining misli ko‘rilmagan shafqatsizligini ko‘rsatadi. Navalniy demokratik qadriyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashdi. U bu kurashi uchun eng og‘ir va g‘ayriinsoniy sharoitlarda o‘z hayotini tikishiga to‘g‘ri keldi. Uning oilasi, yaqinlari va u bilan birga Rossiyadagi o‘zgarishlar uchun kurashgan barchaga ko‘p kuch tilayman”.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken

“Birinchidan, agar bu xabarlar rost bo‘lsa, uning rafiqasi va oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz. Qolaversa, uning Rossiya qamoqxonasidagi o‘limi, insonlardagi vasvasa va qo‘rquv Putin qurgan tizim negizidagi zaiflik va chirkinlikni ko‘rsatadi. Rossiya buning uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Biz buni Aleksey Navalniy taqdiridan xavotirda bo‘lgan boshqa ko‘plab davlatlar bilan muhokama qilamiz, ayniqsa, bu xabarlar haqiqat bo‘lib chiqsa”.

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas

“Alekseyning o‘limi biz kurashayotgan jinoiy tuzum va nima uchun Rossiya va barcha aybdorlar har bir jinoyati uchun javobgarlikka tortilishi kerakligi haqidagi yana bir dahshatli eslatma hisoblanadi. Hamdardlik bildiraman. Xayolim siyosiy qarashlari uchun hali ham panjara ortida qolayotganlar bilan bo‘ladi”.

Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom

“Agar uning Rossiya qamoqxonasida vafot etgani haqidagi xabar haqiqat bo‘lsa, bu Putin rejimining navbatdagi dahshatli jinoyatidir. Navalniyga nisbatan shafqatsizlik nega avtoritarizmga qarshi kurashni davom ettirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi”.

Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya

“Faqat Rossiyadagi hukumat manbalaridan kelayotgan dahshatli xabarga ishonish yoki ishonmaslikni bilmayman. Chunki ko‘p yillardan beri Putin va uning hukumatiga ishona olmaymiz, buni barchangiz bilasiz. Ular har doim yolg‘on gapirishadi. Ammo agar bu rost bo‘lsa, men Putin, uning atrofidagilar, do‘stlari, hukumati mamlakatimiz, oilam va erim oldida qilgan ishlari uchun javobgar ekanini bilishlarini istayman. Va bu kun juda tez keladi. Men butun dunyo hamjamiyatini, bu zaldagi barchani, butun dunyodagi odamlarni birlashishga va bu yovuzlikni yengishga chaqirmoqchiman”.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov

“Ochig‘i, Navalniyning Putin qamoqxonasidan tirik chiqishiga ishonish qiyin edi. Shu paytga qadar uni o‘ldirish uchun ko‘p urinishlar bo‘ldi. Lekin Navalniy qo‘rqmasdan Rossiyaga qaytgan edi. Uning qaytishini ko‘pchilik rus muxolifatchilari „katta xatolik“ deyishgandi. Navalniyni, mana, oxiri o‘ldirishdi. Uni maxsus usulda o‘ldirishganini taxmin qilish mumkin. Endi uning jasadini tekshirishsa ham, qiynoq izlarini topish imkonsiz bo‘ladi”.

Moliyachi Otabek Bakirov

“Ezgulik va betaraflik o‘rtasidagi oxirgi kurash tugadi”.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov

“Rossiya uchun Navalniyning qatl qilinishi katta tragediya”.