Siyosatchi Aleksey Navalniy Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida vafot etdi. Bu haqda Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati mahalliy boshqarmasi xabar berdi.

“2024-yil 16-fevralda 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida sudlangan Navalniy A.A. sayrdan keyin o‘zini yomon his qildi va darhol hushini yo‘qotdi. Zudlik bilan muassasa tibbiyot xodimlari yetib kelib, tez tibbiy yordam brigadasi chaqirildi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

“Barcha zarur reanimatsiya choralari ko‘rilgan, biroq ijobiy natija bermagan. Tez tibbiy yordam shifokorlari mahkumning o‘limini tasdiqlashdi. O‘lim sabablari aniqlanmoqda”, — deyiladi xabarda.

Aleksey Navalniy 47 yoshda edi. 2023-yil avgust oyida u “ekstremistik” ishi uchun 19 yilga maxsus rejimdagi koloniyaga hukm qilingandi. Bu siyosatchining so‘nggi yillardagi uchinchi qamoq muddati edi.