Prezident 16-fevral kuni Andijon viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishida joylarda bolalar ta’limi va tarbiyasiga e’tiborsizlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida gapirdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari Buxoroda 12 nafar maktab o‘quvchisi 6 oy davomida hujraga qatnab yurganini ta’kidladi.

“…Ikkinchi narsa. Buxoroda hujrada 12 ta bolaga dars beryapti. Uniyam sekin… hozir bu bilan juda katta kurash olib boryapmiz. 12 ta bolaga ham direktor 6 oydan beri 5 baho qo‘yib kelyapti (kuladi — tahr.). U hujrada topgan noma’qul pulini maktab direktoriga beryapti. Mana, jamiyatimizda biz qanday illat bilan kurashyapmiz”, — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat illat hisoblanadi.

“O‘sha maktab direktorining vijdoni bormi-yo‘qmi? Maktabga qachon e’tibor berilgan? Maktabda domlaning oyligi qanday edi? Direktorning sharoiti qanday edi? Maktab direktori tugul, muallim bilan salomlashmay qo‘ygandik. Kecha men maktabga nimaga bordim kech bo‘lsa ham? Prezident maktabga borishga vaqt topyapti, nimaga hokim vaqt topmaydi?” — deya savol bilan yuzlandi Shavkat Mirziyoyev.