Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 13-fevraldagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qator o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasi bilan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov tanishtirdi.

Qayd etilishicha, hozirda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga oid ishlarni ko‘rib chiqish uchun vakolatli shaxslar tomonidan jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishning aniq muddatlarini belgilash zarurati yuzaga kelgan.

Bunda Yo‘l harakati qoidalari buzilishga oid ma’lumotlar 48 soat ichida jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarish vakolatiga ega shaxsga yuborilishi, vakolatli shaxs esa 15 kun muddatda jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishi lozimligi aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, Yo‘l harakati qoidalarining 107-bandida ya’ni chapga burilishda yoki qayrilib olishda haydovchi teng ahamiyatli yo‘lda qarama qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shartligi va bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o‘zaro amal qilishlari shartligi belgilangan. Lekin bu talabni buzganlik uchun kodeksda javobgarlik mavjud emas.

Shu bois chapga burilishda yoki qayrilib olishda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan transport vositalariga yo‘l bermagani uchun ma’muriy javobgarlik belgilanib, kodeksning 128-moddasi ya’ni haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmasligi, odam tashish, transport vositalarini quvib o‘tish, yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanish (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno), yo‘nalishli transport vositalari to‘xtaydigan bekatlardan yoki piyodalar o‘tish joylaridan yurish, chapga burilishda yoki qayrilib olishda teng ahamiyatli yo‘ldan qarama-qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l bermaslik jumlalari bilan to‘ldirilishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, kodeksning 128-moddasi dispozitsiyasida yo‘lovchilarga loyqa sachratish uchun ham javobgarlik belgilangan. Biroq yo‘lovchi deganda transport vositasidagi shaxs yoki transport vositasiga kirayotgan yoki chiqayotgan shaxs tushunilishi belgilangan. Shu bois aynan piyodalarga loy sachratish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari qonun bilan kichik quvvatdagi elektr dvigatelli transport vositalari hamda odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan vositalarni boshqarish jarayonida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilashga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi yuzasidan javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Haydovchilarga turli xizmatlar ko‘rsatish maqsadida yo‘lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo‘llarga ajratilgan mintaqada uy hayvonlarini boqish yoki ularni qarovsiz qoldirish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Deputatlar muhokamasi

qonunchilik palatasi

Deputat Qodir Jo‘rayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayni shu moddalariga 2 oy avval o‘zgartirish kiritilgani, Senat muhokamasidagi o‘sha qonundagi o‘zgartirishlar hozir ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasida aks etmaganini bildirdi.

“Masalan, Senatga yuborgan qonunimizda 128-moddaga o‘zgartirishlar kiritib, odam tashish qoidalarini buzish, transport vositalarini quvib o‘tish kabi alohida moddalar bo‘yicha javobgarlik kiritgandik, ularni moddadan olib tashlab alohida prim bandlar qo‘shgandik. Lekin bu yerda o‘sha chiqarib tashlangan va yangi qo‘shilgan prim moddalar bu yerda o‘z aksini topmagan. Vaholanki ikkala qonun loyihani ham muallifi bitta idora — Ichki ishlar vazirligi. Nega shu o‘zgarish va qo‘shimchalar bir vaqtda ishlab chiqilmasdan, qism-qism qilib kiritilyapti?”, — deya savol berdi deputat.

Shuningdek, Qodir Jo‘rayev “Senatda turgan qonun bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelganimizdan keyin mazkur loyihani ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lmaydimi?”, — dedi.

qonunchilik palatasi

Deputat Gulruh A’zamova esa qonun loyihasida “Individual harakatlanish vositasi”ni boshqarishda yo‘l qo‘yiladigan qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning belgilanishi haqidagi qismiga o‘z e’tirozlarini bildirdi.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda “Individual harakatlanish vositasi” tushunchasi biror-bir qonunchilik hujjatlarida ochib berilmagan. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan yo‘l harakati qoidalarida ham “Individual harakatlanish vositalari”ni boshqarish bo‘yicha talablar o‘rnatilmagan.

“Tushuntirish xatida hukumat agar mana shu qonun qabul qilinsa Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qaror loyihasi ham tayyorlanib qo‘yilgani yozilgan. Demak oldin qonun qabul qilinishi kerak keyin mazkur tushuncha hukumat qarorida ochib berilishi nazarda tutilmoqda. O‘z o‘zidan savol tug‘iladi. Agar mazkur tushuncha hozirgi kunda qonunchilikda o‘z aksini topishi ham shunchalik zaruriyati bo‘lsa balki ma’lum muddat o‘tgandan keyin hukumat qarori qabul qilinganidan so‘ng biz ko‘raylik uni, [zarurati qanchalik bor yo‘qligini]. Tushuncha ertaga kiritilgandan keyin amaliyotda qanchalik tatbiqqa ega bo‘ladi, ko‘raylik, ana undan keyin, zarurat bo‘lsa, qonunchilikda uning javobgarligini belgilab qo‘ysak maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, — dedi deputat.

qonunchilik palatasi

Deputat Umida Rahmonova esa qonun loyihasining uy hayvonlari haqidagi qismi bo‘ycha savollari borligini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, amaldagi moddada yo‘llarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Endi yo‘llarga ajratilgan mintaqada uy hayvonlarni boqish yoki ularni qarovsiz qoldirish degan o‘zgartirish taklif etilyapti.

“Taklifdagi uy hayvonlari tushunchasini tadqiq qiladigan bo‘lsa uy hayvonlariga juda ko‘p hayvonlar kiradi: it, mushuk, tovuq, quyon, o‘rdak. Xullas, ular juda ham ko‘p. Nazarimda konsepsiyani qayta ko‘rib chiqish kerak. Biz hamma mushuk yoki tovuqlarni egasini qidirib, ularni javobgarlikka tortaversak, nazarimda bu qonunni qo‘llash amaliyotida muammolar kelib chiqadi va odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ladi. Taklifim shundan iboratki, amaldagi norma to‘g‘ri turibdi. Shunga „qarovsiz qoldirganlik uchun“ degan qo‘shimchani qo‘shish yetarli bo‘ladi va bu tug‘ilishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarga ham javob bo‘ladi”, — dedi Umida Rahmonova.

qonunchilik palatasi

Keyingi e’tirozni Oydin Abdullayeva bildirdi. Uning ta’kidlashicha, kodeksning 128-moddasi dispozitsiyasiga chapga burilishda yoki qayrilib olishda teng ahamiyatli yo‘ldan qarama-qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l bermaslik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Lekin amalda kodeksning 128−5 moddasi 2-qismida transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.

“Ya’ni loyiha bilan javobgarlik belgilash taklif etilayotgan norma, 128−5 moddada ham mavjud bo‘lib, bu borada yangi javobgarlik o‘ylab topishning zarurati qanchalik muhim?”, — deya savol berdi deputat.

Olim Saidov Vazirlar mahkamasining qarori bilan hayvon tushunchasiga ta’rif berilgani, u bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan asrab ko‘paytiriladigan, boqiladigan qora mollar, qo‘ylar, echkilar, cho‘chqalar, otlar, eshaklar, tuyalar, it va mushuklar tushunilishi belgilanganini eslatib o‘tdi.

qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov ham qonun loyihasidagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 17−1 moddasiga uchta loyihada alohida-alohida o‘zgartirish kiritilishi bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirdi.

“Qarang, uchta qonun loyihasi bor, uchchalasida shu 17-moddaga tegyapsizlar. Nima uchun bitta qilib bo‘lmaydi shuni? Hozir hayron bo‘lib turimiz biz ham. 17-moddada 48 soatda jo‘natmaslikni aytyapsizlar, undan oldingisida fuqarolik huquq munosabati [qo‘shilyapti]. Bitta idora ishlayapti, agar uchta idora ishlab hukumatga kiritganda biz tushunardik, o‘zinglar ishlayapsizlar, yuridik departament bor, nahotki, hali bittasi o‘tgani yo‘q, [ulardan] birontasi qabul qilinmasdan turib sizlar endi yangi narsa qo‘shyapsizlar. Qonunchilikni [palatasini] qiyin ahvolga qo‘yyapsizlar. Nima qilishimiz kerak hozir. Senatdan o‘tib prezidentga borsa, prezidentimiz qo‘l qo‘yganlaridan keyin ertasiga bunisi kirib borsa… Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan, avval bir moddaga o‘zgartirish kiritilardi, [modda] ozgina ishlardi, undan keyin takomillashtirish uchun o‘zgartirilardi. Oldingi taklifilar o‘tmasidan yana o‘zgartiryapsizlar”, — dedi spiker.

qonunchilik palatasi

Shundan so‘ng, deputat Ilhom Abdullayev so‘z so‘radi va loyihaning uy hayvonlari haqidagi qismiga e’tirozi borligini bildirdi.

“Biz huquqiy davlat quryapmiz. Huquqiy davlatda fuqarolar adolatli tarzda va mantiq bilan javobgarlikka tortiladi. Ya’ni siz sababsiz javobgarlikka tortolmaysiz. Aytaylik, fuqaro mol yoki qo‘yni yo‘l qismida boqsa javobgarlikka tortiladi. Bu tushunarli va obyektiv mantiqqa ega. Endi uy hayvonlarini yo‘l mintaqasida qarovsiz qoldirish[ga javobgarlik kiritilyapti]. Biz fuqarolardan nimani talab qila olamiz? Masalan, yo‘l yaqinda yashovchi fuqaroning mushugi yo‘lga chiqib ketishi oqibatida YTH sodir bo‘ldi. Bunda mushukni qarovsiz qoldirgan fuqaro aybdor bo‘ladimi? Kelinglar avval qarovsiz qoldirish nima ekanini aniqlab olaylik. Qafasga solib yurish kerakmi? Fuqarolarga yangi shakldagi javobgarlik tayinlash kerak emas”, — dedi Ilhom Abdullayev.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish jarayonida deputatlarning 30 nafari qonun qabul qilish tarafdori bo‘ldi, 57 nafari qarshi, 17 nafari betaraf bo‘ldi. 10 nafari esa ovoz bermadi. Qonun yetarli ovoz to‘plamagani tufayli rad etildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu majlisda yo‘l qoidalari buzilganda, avtomobilning egasi emas, uni boshqargan shaxs (ijaraga berilgan shaxslar, yaqin qarindoshlar va boshqalar) javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan rad etilgandi.