Har besh ko‘chib yuruvchi yovvoyi tabiat turlaridan biri iqlim o‘zgarishi va inson faoliyati oqibatida yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida. Bu haqda BMTning ko‘chib yuruvchi hayvonlar haqidagi ilk hisobotida aytiladi. Uning nashr etilishi 12-fevral kuni Samarqandda ochib berilgan BMTning yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konferensiyasi (CMS COP14)ga to‘g‘ri keldi.

Hisobotda qayd etilishicha, har yili milliardlab hayvonlar oziq-ovqat izlash yoki ko‘payish maqsadida cho‘llar, tekisliklar, okeanlar yoki osmon bo‘ylab minglab kilometr masofani bosib o‘tadi. Ammo ko‘chib yuruvchi turlarga nisbatan “barqaror” inson bosimi nafaqat ularning populyatsiyasining kamayishiga olib kelishi, balki oziq-ovqat ta’minotini buzishi va turning turmush tarziga tahdid solishi mumkin.

Hisobotda aytilishicha, BMTning 1979-yilda ko‘chib yuruvchi hayvonlarni saqlash bo‘yicha Bonn konvensiyasi qamrab olgan 1189 turning 44 foizi kamayib, 22 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida.

Baliqlar bilan bog‘liq vaziyat, ayniqsa, tashvishli — konvensiya ro‘yxatiga kiritilgan baliqlarning deyarli barcha turlari (97 foiz) yo‘qolib ketish xavfi ostida.

Ikkita eng katta tahdid — bu haddan ortiq ekspluatatsiya va inson faoliyati tufayli yashash joylarining yo‘qolishi. Iqlim o‘zgarishi, ifloslanish va invaziv turlar ham ko‘chib yuruvchi turlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

“Bugungi hisobot insonning beqaror faoliyati ko‘chib yuruvchi turlarning kelajagini xavf ostiga qo‘yayotganidan dalolat beradi. Bular atrof-muhit o‘zgarishining ko‘rsatkichi bo‘libgina qolmay, sayyoramizning murakkab ekotizimlarining ishlashi va barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydigan jonzotlardir”, — dedi BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP) ijrochi direktori Inger Andersen.

Vaziyat tashvishli bo‘lishiga qaramay, hisobot mualliflari populyatsiyani va umuman turni qayta tiklash mumkinligini ta’kidlaydi. Ular Kiprdagi tabiatni muhofaza qilish borasidagi sa’y-harakatlarni misol qilib keltirmoqda, u yerda qushlarning noqonuniy to‘rlari sezilarli darajada qisqargan. Qozog‘istonda sayg‘oq populyatsiyasini saqlab qolish va tiklash bo‘yicha olib borilgan muvaffaqiyatli ishlar qadimiy antilopaning yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar toifasidan chiqishiga yordam bergan.

“Ko‘chib yuruvchi turlar o‘z hayot sikllarining turli davrlarida turli xil o‘ziga xos yashash joylariga bog‘liq bo‘ladi… Turlar milliy chegaralarni kesib o‘tganda, ularning omon qolishi ular joylashgan mamlakatlarning harakatlariga bog‘liq”, — dedi CMS ijrochi kotibi Emi Frenkel.