Prezident farmoyishi bilan Vohid Sobirovich Hamidov Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori lavozimidan ozod etildi.

Markaz xabarida aytilishicha, bunday qaror boshqa ishga o‘tish munosabati bilan qabul qilingan.

Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil apreldagi qarori bilan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilgan. Vohid Xamidov iyun oyida uning direktori etib tayinlangandi.

Ta’lim markaziga soha yuzasidan keng vakolatlar berilgani haqida yozgan edik. Xususan, ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini, shuningdek, o‘quv kurslarini moddiy-texnik jihozlash talablarini ishlab chiqadi va boshqalar.

Vohid Hamidov bungacha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida, shuningdek, Avtotest Mirobod`da rahbar sifatida ishlagan. Shuningdek, u audiokitoblar va ertaklarni ikki tilda (o‘zbek va rus) ovozlashtirish, yosh bolalar uchun bosma materiallar va stol o‘yinlarini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi Novda Edutainment kompaniyasi rahbari bo‘lgan.