13-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq 2024−2025-yillarda tajriba tariqasida paxta maydonlarining har gektariga 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Bunda subsidiya tuproq unumdorligi va hosildorlikni, shu jumladan tuproqning gumus miqdorini oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun klasterlarga ajratiladi.

Unga ko‘ra, mablag‘ ajratish Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Agrosubsidiya axborot tizimi” orqali amalga oshiriladi. Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70 foizi 2024-yilda ajratiladi.

Pulning qolgan 30 foizi Paxtachilik kengashining hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan o‘rtacha 10 foizga oshgani to‘g‘risidagi xulosasiga asosan 2025-yilda ajratiladi.

Shuningdek, “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tarkibiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.