Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) tadqiqotida aytilishicha, dunyodagi hozirgi ko‘plab mojarolar haqiqat kuchlilar tomonida bo‘lishi keng tarqaladigan yanada xavfli o‘nyillikning xabarchisi bo‘lishi mumkin.

“Hozirgi harbiy xavfsizlik muhiti yanada xavfli o‘nyillikning xabarchisi bo‘lib, o‘shanda ba’zi [o‘yinchilar] o‘z maqsadlariga erishish uchun harbiy kuchdan qo‘pollik bilan foydalanishi mumkin”, — deyiladi The Military Balance 2024 hisobotida. Hujjat dunyoning 170 dan ortiq davlatining harbiy va mudofaa qobiliyatini baholaydi.

Bu “kuchlilar haq” yondashuviga olib keladi va “bir xil fikrdagi demokratik davlatlarni bunga javoban ikki tomonlama va ko‘p tomonlama mudofaa aloqalarini mustahkamlashga” undaydi, deyiladi hisobotda.

Dunyodagi “o‘ta beqarorlik” manbalariga Isroil va XAMAS o‘rtasidagi mojaro, husiylarning raketa tahdidi, Ukrainada davom etayotgan urush, Hind-Tinch okeani mintaqasi va Afrikada kuchaygan keskinlik kiradi.

Butun dunyodagi beqarorlik natijasida mudofaa xarajatlari ortdi. IISS ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan jahonda mudofaa xarajatlari 9 foizga oshib, rekord darajadagi 2,2 trillion dollarni tashkil qildi. Bloomberg`ning ta’kidlashicha, bu miqdorning yarmi NATO mamlakatlariga to‘g‘ri keladi.

Jahon harbiy xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i Xitoy, Rossiya, Hindiston va NATO davlatlarining kollektiv mudofaa budjetlariga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, mudofaa budjetlarini taqsimlashning ustuvor yo‘nalishlari ham o‘zgargan. Ya’ni agar 2014-yilda NATO davlatlari mudofaa budjetining o‘rtacha 15 foizini qurol-yarog‘ sotib olish va ishlab chiqarishga sarflagan bo‘lsa, 2023-yilda bu uchun budjetning 30 foizdan ortig‘ini ajratgan.