10-fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 259-maktabda 3-sinf o‘quvchisi o‘lik holda topildi. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, shanba kuni maktab direktori o‘rinbosari kechki soat 20:30 atrofida maktabning futbol maydoni yonida o‘quvchi bolani hushsiz holda topgan (boshlang‘ich sinf o‘quvchilari shanba kuni darsga jalb etilmaydi). Uni yo‘lovchi avtomobilida shifoxonaga olib borgan. U yerda bolaga klinik o‘lim tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda bolaning o‘limi sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Milliy telekanalining Millar dasturiga izoh bergan ayollardan birining aytishicha, uning o‘g‘li marhum bola bilan parallel sinfdosh bo‘lgan. “Har kuni o‘g‘lim bilan shu yerda futbol o‘ynashar ekan. Bizning mahallada futbol o‘ynaydigan joy yo‘q. Xohlasa, xohlamasa, bu stadionga kelishadi. Kameralar faqat maktabga kirish joyida bor, ko‘cha ko‘rinmaydi”, — deydi ayol.