Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini viloyat markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘l va Norin daryosi ustiga ko‘prik qurilmoqda. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur loyihaning umumiy uzunligi 17,5 kilometrni tashkil etadi.

Respublika yo‘l qurilish direksiyasi buyurtmachiligida bosh pudratchi “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” DUK tomonidan Norin daryosi ustiga 2024-yilda qiymati 53,6 mlrd so‘mlik 482 metr uzunlikdagi ko‘prik quriladi. Jami obyekt qiymati 184,9 mlrd so‘mni tashkil etadi, deyiladi hokimlik xabarida.

Ushbu loyiha orqali Uychi, Norin tumanlarida transport tirbandliklari va kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oldi olinishi, 100 dan ziyod MFYda yashovchi 450 ming aholi va 100 dan ortiq tadbirkorlik subyektiga qulaylik yaratilishi qo‘shimcha qilindi.

Norin daryosi ko‘prigi

2020-yilda Farg‘ona halqa yo‘lining 93-kilometrida joylashgan hamda ikki tumanni viloyat markazi bilan bog‘lab turuvchi “Norindaryo” ko‘prigida darz ketish alomatlari aniqlangach, vaqtincha yopilgan. Mazkur ko‘prik 1962-yilda foydalanishga topshirilgan. Bundan bir necha yil oldin minglab fuqarolar ishga, o‘qishga, bozorga hamda o‘zlarining boshqa ehtiyojlari yo‘lida daryoni qayiq orqali kesib o‘tishga majbur bo‘layotgandi.

Daryo yopiq bo‘lgan paytda esa Norin tumanida daryoni kesib o‘tish uchun vaqtinchalik ko‘prik qurilgan.

Oradan 6 oy o‘tgach, qurilish ishlari yakunlanib, 1-noyabr kuni yangi ko‘prik foydalanishga topshirilgan.